O‘zbekiston endi chegaralarni yopmaydi, endi internet uzluksiz ishlaydi. Bu haqda 30 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida qilgan nutqida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«O‘zbekiston hozirgi kunda ochiq, endi uni avvalgiday yopib qo‘yishning iloji yo‘q. Endi chegaralarni yopmaymiz, endi internet uzluksiz ishlaydi. OAV xodimlariga yana bir bor minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi. Katta sinovlardan o‘tyapmiz, ba’zilar OAV ning savollariga, OAV muhitini yaratishga chiday olmayapti, adolat ovozini eshitishni xohlamayapti. Lekin eshitishga majbur bo‘ladi yoki xayrlashamiz», — dedi u (video).

2019 yilning noyabrida davlat rahbari «ba’zi rahbarlar xalq va matbuot bilan muloqot qilishda muloqot madaniyatini unutib qo‘yishini» ta’kidlagan edi.

Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov to‘rt yil ichida O‘zbekistondagi matbuot katta erkinlikka ega bo‘lgani, jurnalistlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi haqiqiy voqealarni yoritishni boshlaganini ma’lum qilgan edi.

O‘z navbatida, u jurnalistlar va bloggerlarda hanuzgacha qo‘rquv borligini, aks holda natijalar yanada yaxshi bo‘lishini qo‘shimcha qildi. Kengash rahbari, shuningdek, ma’lum doiralar vakillari tomonidan davom etayotgan senzurani, davlat xizmatchilarining tahdidlari va bosimini hamda o‘z-o‘zini senzurani ta’kidlab o‘tdi.

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 180 davlat orasida 156-o‘rinni egallab turibdi.