Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek qizlarini Janubiy Koreya fuqarolariga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyatiga oid videoюзасидан munosabat bildirdi, deya xabar qildi O‘zA.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur video Toshkent shahar Yakkasaroy tumani «H.Sulaymonov» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2-Mirobod ko‘chasi 35-uyda joylashgan SEJONG HAKDANG o‘quv markazida 7 sentyabr kuni navbatdagi o‘quv mavsumining ochilish marosimida tasvirga olingan.

SEJONG HAKDANG o‘quv markazi 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolariga koreys tili, madaniyati va milliy taomlarini o‘rgatish maqsadida faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘quv markaz rahbari Xo So Xengning ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda tahsil olayotgan 350 o‘quvchining 31 nafari Janubiy Koreya fuqarolariga turmushga chiqqan.

O‘quv markazi o‘z o‘quvchilariga faqat koreys tili va madaniyati, shuningdek, qiziquvchilar uchun koreys milliy taomlarini o‘rgatish bilan shug‘ullanadi. Ularni chet elga yuborish yoki Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishlarini tashkil etish bu o‘quv maskani maqsadlariga kirmaydi. Bu yerda tahsil olayotgan, koreys fuqarolariga turmushga chiqqan o‘zbek qizlarining ular bilan tanishuvi yoki oila qurishiga mazkur o‘quv markazining aloqasi yo‘q. Bu fuqarolar turmushga chiqib, o‘rnatilgan tartibda nikohni qayd etgandan so‘ng bu o‘quv markaziga murojaat qilgan.

Vazirlik o‘z taqdirini ko‘r-ko‘rona boshqa millat vakillari bilan bog‘layotgan o‘zbek qizlariga hayotga teranroq qarab, chet elga turmushga chiqqan ba’zi yurtdoshlarning ayanchli qismatidan to‘g‘ri xulosa chiqarishlarini so‘radi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda «SEJONG HAKDANG» o‘quv markazining kelgusi faoliyati atroflicha o‘rganib borilishi ma’lum qilindi.