Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistondagi koronavirus pandemiyasidan zarar ko‘rgan hamda ayollar rahbarligidagi kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 40 mln dollarlik moliyalashtirish dasturini amalga oshiradi.

YeTTB matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, moliyalashtirish paketi kichik va o‘rta biznes uchun 30 mln dollarlik kreditlardan va YeTTBning «Markaziy Osiyodagi tadbirkor ayollar» WiB dasturi doirasida ayollarga ajratilgan 10 mln dollarlik kreditdan iborat bo‘ladi.

WiB krediti Jahon banki tomonidan boshqariladigan «Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish tashabbusi» doirasida grant mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi. Bu tadbirkor ayollarga kasb-hunar ta’limini olishda yordam beradi, shuningdek, ularga o‘z bizneslarini rivojlantirish bo‘yicha bilim beradi.

YeTTBning moliyalashtirish dasturi «Ipoteka bank» orqali amalga oshiriladi, mablag‘lar keyinchalik bankning xususiylashtirilishiga ham hissa qo‘shadi, deyiladi matbuot xizmatida.

Bugungi kunga qadar YeTTB 81 ta loyiha doirasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1,8 mlrd yevro sarmoya kiritgan.