O‘zbekistonda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish darajasi boshqa mamlakatlar bilan qiyoslaganda juda past. Bu 2019 yilda o‘tkazilgan «O‘zbekistonda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish: dolzarb holat va rivojlanish istiqbollari» loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalaridir.

Senator Diloram Toshmuhamedova o‘z maqolasida «Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunning yangi tahriri va katta yoshdagilarga ta’lim berish qanday rivojlanishi kerakligi haqida fikr yuritadi.

Katta yoshdagilarga ta’lim berishni ta’minlash nima uchun muhim?

«O‘zbekistonda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish: dolzarb holat va rivojlanish istiqbollari» loyihasi doirasida olib borilgan tadqiqotlar katta yoshdagilarning o‘qishga bo‘lgan ehtiyoji yuqori ekanini aniqladi. Xususan, 24−33 yoshdagilarning 70 foizdan ortig‘i o‘zlarida bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligini his qilmoqda, 34−42 yoshdagi respondentlar esa, ularning fikriga qo‘shilgan. Jami respondentlarning 60 foizi bilim va ko‘nikmalari yetishmasligini ko‘rsatib o‘tgan. So‘rovnomada ishtirok etganlarning deyarli yarmi bilim va malaka oshirish uchun imkoniyat yo‘qligini, oilaviy holatlar tufayli vaqt yetishmasligini, o‘qishning to‘lovi yuqori darajada ekanligini hamda ish beruvchining bundan manfaatdor emasligini ko‘rsatib o‘tgan.

O‘zbekiston faqat ta’limni rivojlantirib hamda, eng muhimi, bunga aholining barcha qatlamlarini jalb qilib yuksak marralarga erishishi mumkin. Ammo uzoq vaqt mobaynida ta’lim sohasidagi qonunchilik mukammal bo‘lmagan. 2020 yil 23 sentyabr kuni «Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunning yangi tahriri Prezident tomonidan imzolandi va kuchga kirdi. Mazkur Qonunda ilk bor ta’lim xizmatlarini sezilarli darajada kengaytirishga asos bo‘ladigan ta’lim olishning turli shakllarining ta’rifi berilgan.

Ular orasida «oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish», «inklyuziv ta’lim», «katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish». Oxirgi atama rasmiy, norasmiy va informal ta’limni o‘z ichiga oladi. Natijada katta yoshdagilar butun hayoti davomida bilimlarini kengaytiradi, ko‘nikma va malakalarini boyitadi va talab etiladigan kasbni egallaydi. Ilgari men kattalar uchun ta’lim va ta’lim sohasini rivojlantirishning ahamiyati haqida yozgan edim, bu masala bugungi kunda muhim hayotiy ahamiyatga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda. Ushbu muhim jarayonda esa, katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish mamlakatimiz taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak. Bu, ayniqsa, yangi, ilg‘or axborot texnologiyalariga asoslangan raqamli bilimlarni o‘zlashtirish, zamonaviy kasblarni puxta egallashda yaqqol namoyon bo‘lishi kerak.

Zero, yurtimizning ertangi kelajagi innovatsion iqtisodiyot bilan chambarchas bog‘liq. Mukammal bilimlarga tayangan holda qisqa vaqt ichida samarali va raqobatbardosh iqtisodiyotni yaratish mumkin. Shu bois ham yuqori sifatli ta’lim tizimiga ega bo‘lish, inson kapitaliga sarmoya kiritish, rasmiy ta’lim bilan birga norasmiy ta’limni ham rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash muhimdir.

Ayniqsa, bugungi kunda, dunyo COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq oqibatlarni boshdan kechirayotgan bir vaqtda, bu har qachongidan ham dolzarbdir. Davlatlar o‘z salohiyatlarini tiklashlari, iqtisodiyotni ko‘tarishlari kerak, ularning rivojlanishi bevosita ta’lim tizimining, shu jumladan katta yoshdagilarga ta’lim berishning rivojlanishiga bog‘liq. Davlatlar raqobati kuchli dunyoda odamlarni ish bilan ta’minlash va farovonlikni oshirish bilan birga, oyoqda turib qolish muhimdir.

2016 yildagi YUNESKOning katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish bo‘yicha global hisobotida ta’kidlanganidek, katta yoshdagilarga barqaror va sifatli ta’lim beradigan mamlakatlar, odatda, yuqori ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga, faol siyosiy va fuqarolik institutlariga, jamoatchilikning ishonchi va integratsiyasiga ega. Aksincha, hokimiyat va moddiy farovonlikda katta tengsizliklar bo‘lgan joyda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish zarar ko‘radi.

Afsuski, O‘zbekistonda bandlik muammolarini hal qilishda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berishning salohiyatidan deyarli foydalanilmaydi. Mavjud ta’lim muassasalari katta yoshdagilar, ayniqsa, aholi ishsiz qatlamining yangi bilim va ko‘nikmalarga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmaydi.

Vaziyatni bartaraf etish uchun hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga mos ravishda Katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berishni rivojlantirish bo‘yicha davlat konsepsiyasi zarur. Uning qabul qilinishi mamlakatning barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishi, kambag‘allikni kamaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Butun dunyoda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berishning ijobiy jihatlarini ko‘rsatadigan ko‘plab dalillar mavjud. Biroq, ko‘pgina mamlakatlar ularni davlat xarajatlari bilan taqqoslamaydilar. Aksariyat hukumatlar byudjetning atigi 1 foizidan kamini katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish uchun ajratadilar, xolos. Istisno tariqasida, ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetining taxminan 10 foizini sarflaydigan davlat Finlyandiyadir. Darvoqe, katta yoshdagi finlar yuqori darajada savodxonligi va muammolarni hal qilish ko‘nikmalari yuksak ekani bilan mashhur. Shuningdek, ushbu mamlakat ish bilan bandlik masalalari bo‘yicha katta yoshdagilarga ta’lim berish va ularni o‘qitish bo‘yicha eng yuqori sarmoyaga egaligi bilan ham ajralib turadi.

Umuman olganda, daromadlari yuqori va iqtisodiyoti barqaror bo‘lgan davlatlarda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berishdagi ishtiroki ham yuqori darajada ekanini ko‘rish mumkin. Ushbu mamlakatlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining a’zolari bo‘lib, bandlik va mehnat unumdorligi bo‘yicha katta ko‘rsatkich va natijalarga ega.

Xorijiy tajriba

Agar bizda katta yoshdagilar uchun norasmiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish haqida endi so‘z borayotgan bo‘lsa, Yevropada bu masala o‘tgan asrda ko‘tarilgan. Jumladan, 1953 yilda Yevropa katta yoshdagilar ta’limi assotsiatsiyasi tashkil etilib, bugungi kunda u 34 mamlakatdagi 100 dan ortiq filiallarni birlashtirgan va butun Yevropa bo‘ylab 50 milliondan ziyod erkak va ayollardan iborat katta yoshdagilar ta’limini qamrab olgan.

Assotsiatsiyaning asosiy vazifalari orasida katta yoshdagilarni umrbod o‘qitish va ularga ta’lim berish g‘oyasini targ‘ib qilish hamda siyosatini ishlab chiqish; o‘z a’zolariga axborot va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish; loyihalar, nashrlar va treninglar orqali sohadan xabardorlikni rivojlantirish; xalqaro hamkorlik masalalari ustuvor o‘rin tutadi.

Xalq universitetlari esa, ko‘plab mamlakatlarda katta yoshdagilarga ta’lim berish tizimining bir qismidir. Bu hammabop ma’rifiy muassasalarda millionlab yevropaliklar, ta’lim darajasi va yoshidan qat’i nazar, kasbiy mahoratga ega bo‘lishlari mumkin.

Buni Germaniyadagi xalq universitetlari misolida ham ko‘rish mumkin. Bu mamlakatdagi 900 dan ortiq shunday muassasalar ma’lum firma va korxonalar uchun xizmat safarlari va sayohatlar ko‘rinishida «buyurtma bo‘yicha ta’lim» shaklida kadrlarni qayta tayyorlash kurslari va seminarlarni taklif etadilar. Ularda har qanday yoshdagi odam tahsil olishi mumkin. Hatto ishlab turgan odamlar, ishsizlar, oila qurgan ayollar va erkaklar, shuningdek, pensionerlarga yo‘naltirilgan alohida kurslar mavjud.

Xalq universitetlari sharofati bilan har bir Germaniya fuqarosi yangi ixtisosni egallashi yoki o‘z sohasi bo‘yicha malakasini mustahkamlashi mumkin. Maxsus hisobvaraqda — turli darajadagi sertifikatlarni taqdim etadigan til kurslari, turli darajadagi foydalanuvchilar uchun kompyuter mahoratini o‘rgatish bo‘yicha juda ko‘p takliflar mavjud. Xalq universitetlarini bitirib chiqish orqali Germaniyada har yili 9 milliondan ortiq kishi qo‘shimcha bilim va malakaga ega bo‘ladi.

Janubiy Koreyada butun hayot davomida uzluksiz ta’lim haqidagi qonunga binoan, ushbu sohadagi milliy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan maslahat organi faoliyat olib boradi. Hayot davomida uzluksiz ta’lim qo‘mitasi ta’lim vaziri tomonidan boshqariladi. Uning tarkibiga vazir o‘rinbosarlari, Milliy uzluksiz ta’lim instituti prezidenti va qo‘mita raisi tomonidan tayinlanadigan ekspertlar kiradi.

Prezident qanday vazifa qo‘ydi?

Mamlakatimizga kuchli salohiyatga ega bilimli yoshlar va kuchli iqtisodiyot kerak. Ayni paytda dunyoda kelajak iqtisodiyoti talablariga to‘liq javob beradigan yangi o‘quv madaniyati shakllanmoqda. Iqtisodiyot va ta’lim tizimining umumiy maqsadi raqobatga dosh bera oladigan va mas’uliyatli, mustaqil ravishda qaror qabul qilishga qodir, o‘ziga o‘zi motivatsiya berib rivojlantiruvchi va butun umri davomida qayta tayyorlanish uchun o‘qib-o‘rganuvchi kadrlarni tayyorlashdir.

Shu sababli 2020 yilgi Davlat dasturida butun mamlakat bo‘ylab «Ishga marhamat» mono-markazlari va kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etish vazifalari belgilangan. Mazkur markazlarda ishsizlar va kambag‘al oilalar a’zolari tadbirkorlik va kasbga o‘qitiladi, shuningdek, band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish, fuqarolarga psixologik va yuridik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ham faoliyat olib boradi. Dastur beshta tashabbus doirasida raqamli texnologiyalar markazlarini, yoshlar va IT-parklarni yaratishni ham nazarda tutadi.

Joriy yilning 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaror imzolandi. Hujjatga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda tegishli hududlarda «Ishga marhamat» monomarkazlarini, kasb-hunarga o‘qitish markazlarini, Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Eng ahamiyatlisi, mazkur Qaror bilan birinchi marta qonunchilik darajasida ushbu sohada xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilib, imtiyozlar rag‘batlantirish choralari sifatida kiritildi. Shunday qilib, nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini tashkil etish uchun bo‘sh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi. O‘quv dasturi va o‘qituvchilarni mustaqil tanlash huquqi taqdim etiladi.

Biroq, katta yoshdagilarga ta’lim berish imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun, tegishli kasbiy vakolatlarga ega bo‘lgan kattalar bilan ishlaydigan andragog-pedagoglarni tayyorlash muammosini hal qilish kerak. Biz bu masala bilan hech qachon shug‘ullanmaganmiz, hatto ko‘plab ta’lim sohasi xodimlarining o‘zlari bu so‘zni birinchi marta eshitishmoqda. Ammo bu muammo faqatgina O‘zbekistonda mavjud emas. Katta yoshdagilarga ta’lim berishning professionallik darajasini oshirish bugungi kunda ham bir mamlakat uchun, shu jumladan, xalqaro miqyosda ham asosiy muammo hisoblanadi. Bu muhokama uchun alohida mavzu bo‘lgani sababli bu haqida keyinroq to‘xtalamiz.

Ichkaridan nigoh

Har yili o‘tkazilishi kerak bo‘lgan so‘rovlar katta yoshdagilarning ta’limda ishtirok etish darajasini aniqlashga yordam beradi. Bu sohadagi taraqqiyotni doimiy kuzatib borish katta yoshdagilarni o‘qish va ta’lim olishini rivojlantirish strategiyasini va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning boshqa Davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish imkonini beradi.

Bu yo‘nalishda birinchi qadam allaqachon tashlangan. 2019 yilda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (hozirda «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti) Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasining (DVV) O‘zbekistondagi Filiali ko‘magi bilan ««O‘zbekistonda katta yoshdagilar o‘qishi va ta’limi: dolzarb holat va rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi tadqiqotni o‘tkazdi.

Mazkur tadqiqot asosida tayyorlangan hujjat respublikadagi katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish sohasidagi ishlarning real holatini tahlil qiladi, bu sohaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini namoyish etadi. Ushbu loyiha manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda joriy yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish holati to‘g‘risida Milliy hisobot uchun asos bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot ob’ektlari 24−55 yoshdagi ayollar va 25−60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar edi. Unda Yevropa Ittifoqining barcha davlatlarida tashkil etilgan xalqaro tadqiqot Adult Education Survey (AES) yondashuvining alohida usullari qo‘llanilgan. So‘rovnoma O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirilgan.

Afsuski, tadqiqot natijalari katta yoshdagilarning o‘qishi va ta’lim olishi jarayonida ishtirok etish darajasining pastligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, yoshi kattaroq odam bu masalaga kamroq qiziqish bildiradi. Rasmiy va norasmiy ta’limdagi ayollarning ishtirok etish darajasi esa, erkaklarnikiga nisbatan biroz yuqori. Shu bilan birga, erkaklar informal (mustaqil o‘qish) o‘rganishda katta faollik ko‘rsatdi.

So‘rov o‘tkazilganlarning deyarli yarmi o‘zida o‘qish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi. Bunga oilaviy sharoitlar tufayli vaqt yetishmasligi, o‘quv uchun to‘lovlarning yuqoriligi va ish beruvchi ruxsat bermasligi sabablar sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, ish bilan band bo‘lmagan oila a’zolari va ta’limning baland narxi tufayli yuqori qaramlik yuki bo‘lgan o‘rtacha 5,8 kishidan iborat uy xo‘jaliklarining kam daromadlari katta yoshdagilarning birgalikda ta’lim olish va o‘qishda ishtirok etishiga jiddiy to‘siq bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shaharlar aholisi bu borada faolroq. Biroq, qishloqlar aholisida qo‘shimcha ko‘nikmalar va bilimlarga katta ehtiyoj seziladi. Mintaqaviy farqlar katta yoshdagilar uchun ta’lim olish va o‘qish uchun teng imkoniyatlarning yetishmasligini ko‘rsatdi.

Rasmiy ta’lim muassasalari juda keng va katta tarmoqqa ega bo‘lishiga qaramay, ularning katta yoshdagilar ta’limini rivojlantirishdagi o‘rni pastligicha qolmoqda. Xuddi shu xulosa norasmiy ta’limga ham taalluqlidir, bu yerda rasmiy ta’lim muassasalarining ulushi atigi 10 foizni tashkil qiladi.

Ushbu ma’lumotlar mamlakatda rasmiy va norasmiy ta’limni rivojlantirish uchun davlat ta’lim muassasalari salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotganidan dalolat beradi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ishlovchi xodimlar ishsizlarga qaraganda ko‘proq o‘qishga qatnashadi. Bunda ta’lim olish asosan allaqachon oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. O‘rta-maxsus kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan respondentlar 25 yildan so‘ng kamdan-kam hollarda o‘z bilim va malakalarini oshirishadi. Muntazam ravishda malaka oshirish kurslaridan o‘tishi shart bo‘lgan o‘rta tibbiyot xodimlari va boshqa ba’zi kasb egalarigina bundan mustasno. Respondentlarni ta’lim olishga undaydigan asosiy sabab ishdagi o‘z pozitsiyalarini saqlab qolish yoxud uni yaxshilash istagidir. Bu masala ayollardan ko‘ra erkaklarni ko‘proq tashvishga solmoqda.

Respondentlarning qariyb to‘rtdan bir qismi ish beruvchining talabiga binoan yoki qonun talablariga muvofiq o‘qigan. Va faqat 16% shaxsiy rag‘batlantirishga ega respondentlar (ularning aksariyati ayollar) — bilim va ko‘nikmalarni kengaytirish, yangi odamlar bilan tanishish maqsadida bo‘larkan.

Tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, ayollar o‘qishga katta qiziqish bildirishadi, ammo bu qiziqish har doim ham ularning oiladagi va bolalarni tarbiyalashdagi an’anaviy roli tufayli amalga oshmaydi. Ular ta’lim olish imkoniyatlari erkaklardan farqli o‘laroq, oilaviy va shaxsiy sharoitlar tufayli cheklangan, deb hisoblashadi.

Tibbiyot, pedagogika va boshqa gumanitar fanlar eng talabgir yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda. Bunday o‘qishga talab asosan ayollar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Erkaklar orasida esa, iqtisodiyot va muhandislik mutaxassisliklariga talab katta, ammo til o‘rganish, axborot texnologiyalari sohasida ta’lim olishni istaganlar juda kam.

Asosiysi, diplom emas, balki mutaxassislik

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, bizning fuqarolarimiz norasmiy ta’limning afzalliklarini to‘liq anglab yetmaydilar. Respondentlarning 70 foizi norasmiy ta’lim olishdan ko‘ra, rasmiy tahsil asosida ma’lumot olishni afzal ko‘rishi ushbu fikrimiz dalilidir.

Nodavlat ta’lim muassasalari (NTM) faoliyatidan xabardorlik va ularning kasb-hunar ta’limi dasturlarida o‘qish istagi ham past — respondentlarning 50 foizi NTMlar haqida bilishadi xolos va ularning faqat 38 foizigina o‘zlarining dasturlarda o‘qishni xohlashadi. Bu respondentlarning faqat davlat ta’lim muassasasining diplomigina muvaffaqiyat kafolati, degan qat’iy fikridan dalolat beradi.

Informal o‘qish — bu mustaqil o‘qishga intilish. Bu xislat, taassufki, respondentlarning atigi 27,8 foizidagina mavjud, xolos. Bu nuqtada qiziqishlar doirasi rasmiy va norasmiy ta’lim olishdan farqli o‘laroq, tarmoqlararo universal bilimlar, informatika va dasturlash, chet tillari, iqtisodiy fanlar, uy xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, transport vositalarini ta’mirlash va boshqalarni qamrab oladi. Ammo baribir qiziqishlar qandaydir tarzda ish bilan bog‘liq (53%). Eng muhimi, tadqiqot o‘qishga bo‘lgan talab yuqori ekanini tasdiqladi. So‘rovnomada ishtirok etgan 24−33 yosh oralig‘idagi shaxslarning 70,8 foizi o‘zida bilim va ko‘nikmalar yetishmasligini his qilsa, 34−42 yoshdagilar orasida bu ko‘rsatkich deyarli 60 foizni tashkil etadi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, katta yoshdagilar uchun o‘qish va ta’limni rivojlantirishda nodavlat ta’lim muassasalarining roli nihoyatda past darajada qolmoqda. Sababi, ushbu tashkilotlar tarmog‘i chekka hududlarda, tabiiyki, respublikada ham rivojlanmagan. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarining eng yuqori ulushi Toshkent shahrida va poytaxt viloyatida kuzatilgan — 64 foizdan ortiq. Bunday muassasalarning 6 foizdan ko‘prog‘i Samarqand shahri va viloyati, 5 foizga yaqini Namangan shahri va Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadigan tashkilotlarning eng kam sonini Jizzax shahri va Jizzax viloyati tavsiflaydi — atigi 0,7 foiz. Ushbu raqamlar turli viloyatlardagi aholining ta’lim xizmatlariga ega bo‘lish imkoniyatlarida nomuvofiqligini ko‘rsatadi.

Respondentlarning yarmidan sal ko‘proq qismi yangi ishga joylashish yoki bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun qo‘shimcha o‘qib-o‘rganishni istaydi. Ammo ko‘pchilik Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida tashkil etilgan Bandlikka ko‘maklashish markazlari, Ishsizlarni o‘qitish markazlari orqali kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash imkoniyatlari to‘g‘risida eshitmagan. Respondentlar nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qitish sharoitlari haqida ham kam ma’lumotga ega. Bularning barchasi aholining xabardorligi yetarli darajada emasligi, katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish masalalari bo‘yicha mamlakatda samarali ma’lumot va maslahat tizimi mavjud emasligidan dalolat beradi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida

Davlatning barqaror rivojlanishi, uning raqobatbardoshligini ta’minlash ishchi kuchi bozorlarining tez o‘zgaruvchan ehtiyojlarini hisobga olgan holda aholini, ayniqsa katta yoshdagilarni doimiy ravishda kasb-hunarga o‘qitish va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli, bugungi kunda O‘zbekiston uchun katta yoshdagi aholini o‘qitish va unga ta’lim berishga jiddiy e’tibor qaratish juda muhim ahamiyatga ega.

Tadqiqot natijalaridan respublikadagi vaziyatga bir qadar oydinlik kiritildi va mavjud holatni tartibga solish uchun quyidagi tavsiyalarni bildirish mumkin:

2030 yilgacha bo‘lgan davrda katta yoshdagilarning ta’lim olishdagi ishtirokini oshirish bilan bog‘liq murakkab muammolarni hal qilishga qaratilgan Katta yoshdagilarga ta’lim berishni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish zarur. Va bu jarayonda ilmiy doiralar, jamoat kengashlari, nodavlat tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar qatnashishlari maqsadga muvofiq.

Norasmiy ta’lim va informal o‘qish natijalarini tan olish, tasdiqlash va sertifikatsiyalash tizimini joyriy etish lozim.

Katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berishni rivojlantirish uchun rasmiy ta’lim muassasalari tarmog‘ining imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish kerak.

Norasmiy ta’lim ta’minotchilarini (nodavlat ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va madaniyat markazlari) ni rivojlantirish, ayniqsa, mamlakatning alohida chekka hududlarida ularning tarmog‘ini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash Davlat dasturini qabul qilish zarur. Chora-tadbirlarning qabul qilinishi katta yoshdagi aholi o‘rtasida asosan «kompyuter savodxonligi» ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, onlayn ta’limni kuchaytirish uchun sharoit yaratish, ayniqsa, pandemiya sharoitida o‘quv jarayonlarini raqamlashtirishga yordam beradi.

Moliyalashtirish va rag‘batlantirishning ko‘p kanalli mexanizmlarini rivojlantirish lozim. Bunda bir tomondan, ta’lim xizmati ko‘rsatuvchilarni, ikkinchi tomondan, ta’lim xizmatlari iste’molchilarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutish darkor. Masalan, mahalliy hokimiyat organlari provayderlarga o‘quv binolarini bepul berishi yoki institutsional mablag‘ ajratishi, tinglovchilarga vaucherlar va stipendiyalar berish, kasb ta’limini olish davridagi ta’til uchun haq to‘lash mumkin.

Aholining zaif qatlamlari, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, mehnat muhojirlari, ishsizlar, nogironlar, mahkumlar, qariyalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va boshqalar uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini targ‘ib qilish va kengaytirishga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiq. Aholi shuni his etishi kerakki, kasb-hunarga o‘qish, ta’lim olish va lavozim bo‘yicha ko‘tarilishda erkaklar va ayollar teng huquqlarga ega.

O‘tgan yili Veymarda bo‘lib o‘tgan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish» konferensiyasida YUNESKO, Katta yoshdagilar ta’limi bo‘yicha xalqaro kengash va Yevropa kattalar ta’limi assotsiatsiyasi vakillari Belarus, Bolqon mamlakatlari, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi kattalar ta’limi amaliyotidan yaxshi misollarni qayd etishdi. Yaqin yillarda O‘zbekiston ham ushbu ro‘yxatga kirishiga va uning tajribasi boshqa mamlakatlar tomonidan qo‘llanilishi va foydali bo‘lishiga ishonaman.