AQSH prezidentligiga nomzodlar respublikachi Donald Tramp va uning raqibi demokrat Jo Bayden 29 sentyabr kuni birinchi teledebatni o‘tkazishdi. Jonli translyatsiya Klivlenddan olib borildi, deya xabar berdi RIA Novosti. Munozaralar murosasizlik muhitida o‘tdi, tomonlar muntazam ravishda bir-birlariga gap bermasdan, parlament odobiga to‘g‘ri kelmaydigan iboralarni ishlatishdi.

Debatlarning asosiy mavzulari Oliy sud, COVID-19ning avj olishi, iqtisodiyot, irqchilik va saylov natijalarining ishonchliligi haqida edi.

Jo Bayden saylovga qadar yangi Oliy sud sudyasining tayinlanishini kutishga chaqirdi, Donal Tramp esa modomiki bo‘lib o‘tgan parlament va Senat saylovlarida respublikachilar g‘olib chiqqan ekan, buni qilmaslikka haqqi borligini ma’lum qildi.

Bayden Trampni koronavirus epidemiyasi oldida «vahima» solganlikda va Oq uy rahbarining hanuzgacha COVID-19 ga qarshi kurash rejasi yo‘qligida aybladi. Tramp esa Bayden davrida 200 ming emas, balki 2 million amerikalik ushbu kasallikdan vafot etgan bo‘lar edi, degan gapni aytdi.

Demokratlar partiyasi nomzodi mamlakatda yetti million ish o‘rni yaratishga va iqtisodiy o‘sishda yana trillion dollar daromadga erishishga va’da berdi. Bunga javoban Tramp uning qo‘l ostida mamlakat iqtisodiyoti «tarixdagi eng yuqori darajada» bo‘lganini, ammo koronavirus unga zarar yetkazganini aytdi.

Jo Bayden, shuningdek, Donald Trampni irqchilikda aybladi, amaldagi prezident esa Baydenni zo‘ravonlikda ayblash bilan javob qaytardi. Tramp uning raqibini radikal chap tomon «chuv tushirishi»ni aytdi va u esa uni o‘ta o‘ng tomondagilarga yon bosayotganlikda aybladi.

Bayden Trampni soliq to‘lamaganlikda aybladi, amaldagi prezident esa o‘zining «millionlab» dollar daromad solig‘i to‘laganligini ta’kidladi va kelgusida o‘zining soliq deklaratsiyasini taqdim etishga va’da berdi.

Donald Tramp tarafdorlarini saylov kuni saylov uchastkalariga tashrif buyurib, qonun buzilish holatlarini «diqqat bilan kuzatishga» chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «halokatli» pochta orqali ovoz berish tufayli natijalar bir necha oy davomida ma’lum bo‘lmasligi mumkin. Jo Bayden o‘zining irodasiga ishonishga chaqirdi va natijalar tasdiqlanmaguncha o‘zini saylovda g‘olib deb e’lon qilmaslikka va’da berdi.

CNN ning debatlarni tomosha qilish bo‘yicha o‘tkazgan tezkor so‘rovnomalariga ko‘ra, 60% kuzatuvchi Baydenni g‘olib, 28% esa Trampni g‘olib deb topdi.

The New York Times debatlarni «nomaqbul qo‘l jangi» deb atadi va unda nomzodlarni «bir-birlariga nisbatan nafratlarini Amerika siyosatida misli ko‘rilmagan darajada ko‘rsatishdi» deya ta’kidladi. CNN tahlilchisi Kris Sillitssa ushbu debatlarni «juda dahshatli» deya ta’rifladi — «ikki nomzod, agar ularga AQSH prezidenti sifatida to‘rt yil berilsa, nima qilishlari haqida jamoatchilikka mutlaqo hech qanday ma’lumot bera olmadi», dedi. «Debatlar dunyodagi eng qudratli amalga da’vogarlik qilayotgan bu ikki kishining bir-birlariga bo‘lgan nafratlarini ko‘rsatdi», deya yozdi Bloomberg.

Nomzodlarning keyingi bahslari 15 oktyabr kuni Mayamida, keyin 22 oktyabrda Neshvillda bo‘lib o‘tadi. Vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lgan Mayk Pens va Kamala Xaris ham bir raund debatlar o‘tkazishadi. AQSHda prezident saylovlari 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.