Ma’rifatparvar jadidlardan Abdulla Avloniy (1878−1934), Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875−1919) va Munavvarqori Abdurashidxonov (1878−1931) «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

XIX asr oxiri — XX asr boshida yashagan jadidlar O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalq ozodligi va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgani uchun taqdirlandi.

Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor Toshkentdagi Xalqaro Kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan 1 oktyabr bayramiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda ishtirok etmoqda. Tadbirda o‘qituvchilar va murabbiylar, olimlar, parlament va hukumat a’zolari ishtirok etmoqda.