O‘zbekiston sinovlarning uchinchi — oxirgi bosqichidan so‘ng koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqarish va eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 25 sentyabr kuni Xalqaro press-klub yig‘ilishida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

Avvalroq koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqqan ikki Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda sinovlarning uchinchi bosqichini birgalikda o‘tkazishni taklif qilgan edi. Innovatsion rivojlantirish vazirligi Sinopharm va Zhifei Longcom bilan shartnomalar imzoladi.

«Xitoyning ikkita kompaniyasi vaksinalarini O‘zbekistonga jalb qilish va [ushbu dori vositalarining] klinik sinovlarining uchinchi bosqichida ishtirok etish [rejalashtirilmoqda]. So‘ngra o‘zimizda ushbu vaksinalarni ishlab chiqarish masalasi ko‘tariladi, bu esa importning qisqarishiga olib keladi, bundan tashqari biz ularni qo‘shni mamlakatlarga eksport qilishimiz mumkin bo‘ladi», — dedi Bahodir Yusupaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya kompaniyalariga ham Rossiya vaksinasini birgalikda sinovdan o‘tkazishni taklif qilgan. «Bugun biz ularning javobini kutmoqdamiz. O‘ylaymanki, biz bir vaqtning o‘zida ular bilan ham ishlaymiz», — dedi u.

Avvalroq «Gazeta.uz» Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) va Laxisam farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonga 35 million doza koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini yuborishga kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.

Avgustda esa O‘zbekistonning JSSTning COVAX (koronavirusga qarshi vaksina qilish) dasturiga qo‘shilgani ma’lum qilindi.