Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzganligi, shuningdek sug‘urta polisining haydovchi yonida bo‘lmasligi transport vositalarini ushlab turishga asos bo‘lmaydi.

Prezident tomonidan 28 sentyabrda imzolangan qonunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartib rasman e’lon qilingan 29 sentyabrdan boshlab kuchga kirdi.

Hujjatga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga (transport vositalarini ushlab turish va tekshiruv o‘tkazish asoslari) o‘zgartirish kiritildi.

Xususan, ushbu moddaning birinchi qismining «a» bandidagi «135-modda (haydovchilarning malakasini oshirganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bo‘lmagan holatlardan tashqari)» so‘zlari o‘rniga «135-modda (fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha sug‘urta polisi, haydovchilarning malakasini oshirganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bo‘lmagan holatlar bundan mustasno)»ga o‘zgartirildi.

O‘z navbatida, sug‘urta polisisiz transportni boshqarganlik uchun jarima qo‘llaniladi. Jarima miqdori BHMning bir baravariga teng (223000 so‘m).

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida Mening fikrim portalida avtotransport vositasini sug‘urta bo‘lmagan taqdirda ushlab turishni bekor qilish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘ldi. Hujjat qisqa vaqt ichida parlamentda ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan 10 mingdan ortiq ovozga ega bo‘ldi.

Hujjatni muhokama qilish jarayonida senatorlar ta’kidlaganidek, bu fuqarolarning mulkiy huquqlari kafolatini kuchaytiradi, fuqarolar uchun jarima miqdorining kamaytirilganligi esa korrupsiyaning oldini olishga yordam beradi.