Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 sentyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlar natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda so‘nggi yillarda standartlarning 43 foizi xalqaro me’yorlar bilan uyg‘unlashtirilib, ularning soni 12 mingtaga yetkazilgan.

Misol uchun, 21 ta korxonada to‘qimachilik va trikotaj tovarlariga Yevropaning OEKO-Tex va Sedex standartlari joriy qilindi. Jumladan, Andijondagi Samo Textile Yevropa bozorlariga 5 million dollarlik mahsulot bilan chiqdi. Buxorodagi Bukhara Cotton Textile ham AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyaga 5 million dollarlik eksport qildi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, maishiy texnika, kabel, tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda 17 turdagi mahsulot xavfsizligini tasdiqlovchi mashhur CE markirovkasi joriy etilgani natijasida Yevropaning 8 ta davlatiga eksport boshlandi.

Shavkat Mirziyoyev «O‘zstandart» agentligini milliy organ maqomiga olib chiqish, korxonalarda yangi standartlarni manzilli joriy qilish asosiy vazifa ekanini ta’kidladi.

«Milliy standart «ovozi jaranglashi»ga erishishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Keyingi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, xalqaro standartlarni tatbiq qilayotgan korxonalarga ko‘maklashib, bunga ketadigan xarajatning bir qismini Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berish muhimligi ta’kidlandi.

«Agar mahsulot xalqaro sertifikatga ega bo‘lmasa, u hech qachon raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Mamlakatda har bir tadbirkor standartni bilishi, tanishi kerak, shunday muhit yaratish zarur», — deya ta’kidladi Prezident.

«O‘zstandart» agentligiga avtomobil komponentlari, kimyo, oziq-ovqat, qurilish materiallari tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Zavod va fabrikalar o‘z mahsulotlarini bozor talablari asosida takomillashtirib borishi uchun ishlab chiqaruvchilar imkoniyatini cheklayotgan me’yorlarni ixtiyoriyga o‘tkazish kerak, deya qayd etildi.

Prezident 1995 yilgacha qabul qilingan va hozirda eskirgan 5236 ta standartlarni bekor qilish, mahsulot xavfsizligi bo‘yicha texnik reglamentlarni Yevropa va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga mmoslashtirish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berdi. Shu bilan birga, sifatsiz import tovarlar kirib kelishining oldini olish maqsadida xavfsizlik talablari soni va qamrovi oshiriladi.

Foto: «O‘zbekiston 24».

Prezident «O‘zstandart» agentligi oldiga Yevropa iqtisodiy komissiyasi texnik qo‘mitasi bilan quritilgan mevalar bo‘yicha kelishuvga erishish, kelgusi yilda Xalqaro akkreditatsiya forumiga to‘laqonli a’zo bo‘lish vazifasini qo‘ydi. Bundan tashqari, qovun-tarvuz, qizilmiya, shuningdek, qorako‘l mo‘ynalari uchun xalqaro standartlarni qo‘lga kiritish vazifalari belgilab qo‘yildi.