Moskva maktablari 5−18 oktyabr sanalarida ikki haftalik ta’tilga chiqadi, deya xabar berildi Moskva meri Sergey Sobyanin blogida.

Odatda, kuzgi ta’til bir hafta davom etadi, ammo poytaxtda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat tufayli bu muddat uzaytirildi.

«Sanitariya shifokorlarining tavsiyasiga ko‘ra, kasallik tarqalishi darajasining pasayishi va kovid aniqlangan bemorlar sonining ko‘payishini hisobga olib, men kuzgi ta’til davomiyligini oshirishga qaror qildim», — deb yozadi Sergey Sobyanin.

Ta’til vaqtida masofaviy o‘qitish bo‘lmaydi, ammo maktab o‘quvchilari o‘tgan narsalarini takrorlashlari va agar xohlasalar, Moskva elektron maktabi yordamida yangi materiallarni o‘rganishlari mumkin.

Qo‘shimcha ta’lim va bolalarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish muassasalari ham o‘z foliyatini ikki haftagacha to‘xtatib turadi, ammo bolalar bog‘chalari «odatdagi jadval bo‘yicha» ishlashda davom etadi.

Tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 28 sentyabr kuni ertalab aniqlanishicha, Moskvada sutkasiga 2117 ta COVID-19 kasalligi qayd etilgan. Taqqoslash uchun, bir kun oldin 2016 ta yangi holat aniqlangan edi. Bir hafta oldin, 21 sentyabr kuni Moskvada kunlik o‘sish 915 tani tashkil etgan, deya xabar berdi Meduza.

28 sentyabr kuni Moskva shahri va Moskva viloyati hokimiyati aholiga yangi tavsiyalar bera boshladi. Ma’muriyat koronavirus infeksiyasi xavfi tufayli 65 yoshdan oshganlarga va surunkali kasalliklarga chalinganlarga uyda qolishni tavsiya qilmoqda.

RBK ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu toifadagi ishchilarga uzoqdan ishlashga o‘tish yoki ta’tilga chiqish tavsiya qilingan. Shuningdek, rasmiylar ish beruvchilardan imkon qadar ko‘proq xodimni masofadan ishlashga o‘tkazishlarini so‘rashgan.

Shuningdek, homilador va yangi tug‘ilgan ayollarga o‘zini izolyatsiya qilish rejimiga rioya qilish tavsiya etilgan.

Avvalroq, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktabda o‘qish kech boshlanganiga qaramay, ta’til jadvalini o‘zgartirish rejasi yo‘qligi haqida xabar bergan edi.