2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba 25−30 aprel kunlari Xiva shahrida «Lazgi» xalqaro raqs festivali hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi prezidentning 28 sentyabrda imzolangan shu haqdagi qaroriga tayangan holda.

Qaror bilan festivalni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi Festivalni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul organlar hisoblanadi.

Festival doirasida «Lazgi» xalqaro raqs festivali tanlovi tashkil etiladi.

Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari 3 ta nominatsiya («Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrosichi», «Eng yaxshi raqs jamoasi» va «Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs») bo‘yicha baholanadi.

Tanlov g‘oliblari diplom, statuetka va quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • «Gran-Pri» — 7 000 AQSH dollari.

Har bir nominatsiya bo‘yicha:

  • 1-o‘rin — 5 000 AQSH dollari;
  • 2-o‘rin — 3 000 AQSH dollari;
  • 3-o‘rin — 2 000 AQSH dollari.

Tashkilotchilar tomonidan har bir qo‘shimcha nominatsiya uchun 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofotlari ajratilishi mumkin.

Festivalning har bir qatnashchisi o‘z tibbiy sug‘urtasiga ega bo‘lishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabrida Xorazm lazgi raqsi O‘zbekistonning madaniy yodgorligining bir qismi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi.