27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar qaytadan kuchaya boshladi. Armanistonda umumiy safarbarlik va harbiy holat e’lon qilindi. Ozarbayjonda harbiy holat ham joriy qilingan.

Mamlakat rasmiylari avvaliga umumiy safarbarlik uchun zarurat ko‘rmayotganliklarini bildirishgan edi. Biroq Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qilinishi to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

«Bugun ertalab Armaniston qurolli kuchlari har xil qurol turlari, shu jumladan og‘ir artilleriyadan foydalangan holda Ozarbayjon manzilgohlariga, shuningdek Ozarbayjon harbiy pozitsiyalariga bir necha yo‘nalishlardan o‘q uzdilar», — dedi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev. Respublika rahbari, o‘q otish natijasida Ozarbayjon harbiylari va tinch aholisi halok bo‘lganini ta’kidladi.

Ozarbayjon bosh prokuraturasining xabar berishicha, Qorabog‘dagi vaziyatning keskinlashishi natijasida yaralangan tinch aholi soni bir kunda 26 nafarga yetgan.

Armaniston elchisining aytishicha, jang boshlangandan beri Qorabog‘da 30 dan ortiq arman askari o‘ldirilgan va yuzdan ortiq yaralanganlar bor.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, keng ko‘lamli provokatsiya Ozarbayjon tomonidan oldindan rejalashtirilgan: «Ilhom Aliyevning diktatorlik rejimi yana harbiy harakatlarni boshladi. Bu urush arman xalqiga yuklatilgan. Bu bizning mustaqilligimiz, erkinligimiz va qadr-qimmatimizga qarshi urush». Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishni istisno qilmadi.

27 sentyabr kuni Armaniston bosh vaziri Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralar stoliga o‘tirish to‘g‘risida murojaat qildi. Shu kunning o‘zida bo‘lim boshlig‘i Sergey Lavrov Armaniston, Ozarbayjon va Turkiyadagi hamkasblari bilan telefon orqali muzokaralar olib bordi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonlarni darhol urush harakatlarini to‘xtatishga va muzokaralarga o‘tishlarini so‘radi. Yevropa Ittifoqi va AQSH hukumati ham ushbu mamlakatlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Shanxay hamkorlik tashkiloti ham, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘da yuz berayotgan harbiy harakatlardan xavotirda ekanligini bildirdi. Xitoy hukumati Ozarbayjon va Armanistonni deeskalatsiyaga (askarlarni tarqatish, harakatlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish) chaqirdi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatda Turkiyani Qorabog‘dagi mojaroga aralashishdan qaytarish zarurligini aytdi. Armanistonning Moskvadagi elchisining xabar berishicha, Qorabog‘da Turkiya tomonidan Suriyadan olib kelib tashlangan 4000 nafar askar jang qilmoqda.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligining xabar berishicha, dushanba kuni erta tongda Armaniston harbiylari Ozarbayjonning Terter, Jebraila va Fizuli shaharlarini o‘qqa tutishni boshlagan. Armaniston hukumatining ta’kidlashicha, Ozarbayjonga birinchi bo‘lib hujum qilgan — Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon mahalliy vaqt bilan ertalab soat 8:00 da havo va raketa hujumlarini uyushtirgan.

Armanistonning xabar berishicha, birinchi kuni 31 nafar armanistonlik vafot etgan va ularning ko‘pchiligi 2000−2002 yillarda tug‘ilgan ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, vafot etganlar ro‘yxatida ayol kishining ismi bor ekanligi ham aytilgan. Ozarbayjon hukumati qurbonlar haqida hozircha rasmiy ma’lumot bermadi.