O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi bolasini masofaviy ta’lim shaklida o‘qitayotgan oilalarda farzandining onlayn o‘qishi uchun sharoit yaratib bermagan ota-onalarga nisbatan chora ko‘rilishi haqidagi savolga javob berdi.

Qayd etilishicha, «Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunining 3-moddasida umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi, 30-moddasida esa voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shartligi ko‘rsatilgan bo‘lib, ularga ko‘ra ota-onalar farzandlarining tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgardir.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi va bundan holatlarning sodir etilishi ota-onaga nisbatan BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.

XTV hozircha mazkur holatlar yuzasidan ota-onalarga chora ko‘rish holatlari yuzaga kelmaganini ma’lum qildi.

Vazirlik ota-onalardan bugungi murakkab vaziyatda farzandlari uchun mas’uliyatni ikki karra his qilib, farzandlar taqdiriga, ularning ta’lim olish jarayoniga befarq bo‘lmasni so‘radi.

28 sentyabrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda faoliyatini to‘liq tiklagan maktablar soni 7620 tani tashkil qilib, 76,3 foizga yetdi. Joriy o‘quv yilida koronavirus infeksiyasi pandemiyasi bilan bog‘liq epidemilogik vaziyatdan kelib chiqib, ota-onalarga o‘z farzandi uchun ta’lim olish shaklini ihtiyoriy tanlash imkoniyati berildi.