Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ) va BuzzFeed News moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish tarmog‘idagi (Financial Crimes Enforcement Network, FinCEN) hujjatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lishdi. Tarmoq AQSH Moliya vazirligining tarkibidagi byurosi hisoblanadi.

«Vajnыye istorii»ning xabar berishicha, bu AQSH tarixidagi eng yirik — 2 trln dollardan ortiq AQSH moliya tizimi orqali o‘tgan shubhali tranzaksiyalar ma’lumotlarining ochiqlanishi hisoblanadi. 2017 yilda AQSHdagi BuzzFeed News nashri jurnalistlari 2100 dan ortiq maxfiy FinCEN hujjatlaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritishdi, so‘ngra ushbu loyihaga, ICIJ va OCCRP bilan bir qatorda, 88 mamlakatdan 110 ta ommaviy axborot vositasi ish olib boruvchi «Kassandra» xalqaro tadqiqot jurnalistik loyihasiga qo‘shildi.

Ta’kidlanishicha, FinCEN Amerika banklarining, shuningdek AQSH banklarida vakillik hisob-raqamiga ega bo‘lgan xorijiy kredit tashkilotlarining barcha shubhali operatsiyalari to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘playdi.

Jurnalistlar tomonidan tahlil qilingan hujjatlarda Rossiya fuqarolari, shu jumladan «Severstal» kompaniyalar tarmog‘ining egasi Aleksey Mordashov, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov, Rossiya prezidentining sobiq maslahatchisi Valentin Yumashev, MTS va boshqa kompaniyalar bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari xaqida ma’lumotlar mavjud.

Xususan, «Vajnыye istorii» hujjatlarga ishora qilib, rossiyalik ishbilarmonlar va kompaniyalar «Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin odamlarga millionlab dollar mablag‘lar o‘tkazgan», deya ta’kidlamoqda.

Nashr, shuningdek, FinCEN hujjatlarida 2006−2008 yillarda prezident ma’muriyatining sobiq rahbari bo‘lib ishlagan (hozirda Rossiya prezidentining maslahatchisi) Valentin Yumashev Britaniyaning Virjin orollaridagi Epion Holdings Limited kompaniyasi orqali olgan 6 mln dollarlik mablag‘ni qo‘lga kiritgani haqidagi ma’lumotlarni topdi.

Tekshiruv-tadqiqot ishlari mualliflari kompaniyaning Alisher Usmonovga tegishli ekanligini ta’kidlamoqda. Shubhali tranzaksiyalarning hisobotlariga ko‘ra, pul «xizmatlar» uchun kelishuvlarga ko‘ra ikki yil davomida o‘tkazilgan.

Shubhali tranzaksiyalar

Muayyan kompaniya yoki shaxsning shubhali tranzaksiya hisobotiga kiritilganligi har doim ham ularning pul o‘zlashtirishi bilan bog‘liqligini anglatmaydi, deydi «Vajnыye istorii» nashri. Hisobotlarga bank xodimlarida shubha uyg‘otadigan yuridik yoki jismoniy shaxslarning tranzaksiyalari kiritiladi. Masalan:

  • agar kompaniya yoki shaxs tez-tez katta miqdordagi yirik operatsiyalarni amalga oshirsa;
  • agar kompaniya yoki bank offshor zonada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa;
  • agar kompaniya yoki shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa (masalan, sanksiyalar ostida Rossiya banklari orqali o‘tgan dollar bilan operatsiyalar avtomatik ravishda shubhali faoliyat to‘g‘risidagi hisobotlarga kiritilgan);
  • agar ommaviy axborot vositalarining nashrlarida kompaniya yoki shaxs haqida salbiy fikr yuritilsa (masalan, shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlarga ommaviy axborot vositalari yozgan «Panama arxivi»ning barcha «aybdorlari» haqidagi xabarlari orqali kiritilgan);
  • agar Internetda kompaniya haqida ma’lumot bo‘lmasa — sayt ham, sharhlar ham mavjud bo‘lmasa.

Bularning barchasi qo‘shimcha bank tekshiruvini talab qiladi, lekin odatda bular amalga oshirilmaydi, deya ta’kidlaydi nashr.

Siz ICIJ tekshiruvlari haqida ko‘proq ma’lumotni bu yerda (ingliz tilida), ma’lumotlarning tarqalishi tarixi haqida — bu yerda (rus tilida) o‘qishingiz mumkin.

NBU va Latviya banklari

Foto: ICIJ.

«Gazeta.uz» ICIJ materialini o‘rganib chiqdi va hujjatlarda O‘zbekiston milliy bankining tashqi iqtisodiy ishlarida ham keltirilganligini topdi. Umumiy $ 8.7 mln miqdordagi, shu jumladan, NBU ga kelib tushgan ($ 3,6 mln) yoki ushbu bankdan yuborilgan ($ 5,1 mln) 16 ta tranzaksiya FinCEN hujjatlarida shubhali deb belgilangan.

Pul o‘tkazmalari AQSHning bitta banki — The Bank of New York Mellon orqali amalga oshirildi, bu FinCENga shubhali faoliyat to‘g‘risidagi hisobotlarni yubordi.

Xabarda aytilishicha, 13 yanvardan 21 yanvargacha O‘zbekiston Milliy banki (NBU) Latviyaning Baltikums Bank orqali uchta operatsiya shaklida 920 ming dollar olgan (2017 yilda u BlueOrange Bank deb o‘zgartirilgan, Latviyaning BBG xolding kompaniyasiga tegishli). Shu bilan birga, 14−19 yanvar kunlari NBU orqali to‘rtta operatsiyani amalga oshirgan holda Latviya bankiga 2,8 mln dollar, 15−27 yanvar kunlari esa Baltikums Bank orqali 2,77 mln AQSH dollari oltita operatsiya shaklida O‘zbekiston bankiga o‘tkazilgan.

ICIJ ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, 5−6 aprel kunlari NBU orqali Latviyaning boshqa bir banki Norvik Banka (PNB Banka)ga ikkita tranzaksiya orqali 1 mln dollar, 19 aprelda esa 1,2 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar o‘tkazilgan.

Ma’lumot uchun, ICIJ hujjatlarida Qozog‘istonda umumiy qiymati 131,9 mln dollar bo‘lgan 202 ta, Koreya Respublikasida — 10,7 mln dollarlik 39 ta, Ozarbayjonda — 67,2 mln dollarlik 50 ta, Belarusda — 42 mln dollarlik 11 ta va Turkmaniston — 6,8 mln dollarga 49 ta shubhali tranzaksiyalar aniqlangan.