Jismoniy shaxslar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilar va Markaziy bankning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarini respublika hududidan tashqariga cheklovlarsiz olib chiqish huquqiga ega bo‘ldi. Bu prezidentning 22 sentyabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Buning uchun Markaziy bank, Moliya vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli sertifikatlar mavjud bo‘lishi, tovarlarni olib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan me’yoridan oshgan taqdirda, majburiy ravishda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilishi lozim.

Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tugatildi. Uning o‘rniga MB markaziy apparati tuzilmasida Qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash xizmati tashkil etildi.

Avvalroq, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyator banklar orqali sotuvga qo‘yiladigan yangi oltin va kumush tangalar, shuningdek, o‘lchovli oltin yombilarini chiqarishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.