Vazirlar Mahkamasining 24 sentyabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan hamda sertifikatlashtirmasdan import qilinadigan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ro‘yxatiga COVID-19 ga antitana va antigenga ekspress testlar ham qo‘shildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatsiyalashtirish sharti bilan import qilinadigan dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxatiga quyidagi dori vositalari qo‘shildi:

  • gripp vaksinasi (O‘RVI);
  • koronavirus vaksinasi (COVID-19);
  • pnevmokokk vaksinasi;
  • bariya sulfat;
  • pankuroniya bromid/pipekuroniya bromid/atrakuriya besilat;
  • sefepim-tazobaktam;
  • nitroglitserin.

2021 yil 1 martga qadar COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dori moddalari (substansiyalar) import qilinganda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

️Shuningdek, tibbiy buyumlarini, dori vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dori moddalarini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish va realizatsiya qilish muddati 2020 yil 1 oktyabrdan 2021 yil 1 martga qadar uzaytirildi.

So‘nggi marta soddalashtirilgan tartibda olib kelinadigan dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalar ro‘yxatiga avgust oyida o‘zgartirishlar kiritilgan edi.