Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) va Laxisam farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonga 35 million doza koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini yuborishga kelishuvga erishdi. Bu haqda RIA Novosti jamg‘armaga tayanib xabar berdi.

«O‘zbekiston tegishli organlari tasdig‘i olinganidan so‘ng, 2020 yilda respublikaga 10 million doza vaksina, 2021 yilda esa 25 million doza vaksina yuborilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Gamaleya institutida ishlab chiqarilgan «Sputnik V» vaksinasi 11 avgust kuni Rossiya SSVsi tomonidan ro‘yxatga olingan edi. Hozirda ro‘yxatga olishdan keyin 40 ming kishi ishtirokidagi vaksina sinovlari davom etmoqda. Birinchi natijalar 2020 yilning oktyabr-noyabr oylarida e’lon qilinishi kutilmoqda.

«Sputnik V» o‘n yillab vaqt mobaynida tadqiqot qilingan va 250 dan ortiq klinik sinovlar o‘tkazilib, xavfsizligi va samaradorligi isbotlangan insonning adenovirusli vektorlari asosida yaratilgan. Vaksinaning yetkazib berilishi O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot mutaxassislarining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda uzoq muddatli immunitet hosil qiladigan va fuqarolarni xavfdan holi qiluvchi ilg‘or vositalarga ega bo‘lishiga yordam beradi. Bundan tashqari, koronavirusga qarshi vaksinalarning manbasi diversifikatsiya qilinadi", — deya ta’kidladi RTIJ rahbari Kirill Dmitriyev.

Oldinroq Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksina ham ko‘rib chiqilayotganini, bu boradagi muhokamalar mutaxassislar va hukumat tomonidan olib borilayotganini, ikki haftalardan keyin qandaydir qarorga kelinishi mumkinligi haqida aytib o‘tgan edi.

Sentyabr oyining boshida Rossiyaning «Sputnik V» koronavirusga qarshi vaksinasining birinchi partiyasi fuqarolar muomalasiga chiqarilgan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston «Vektor» markazi tomonidan ishlab chiqarilgan COVID-19ga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng qo‘shma sinovlaridan o‘tkazishga qiziqish bildirgan.

Avgust oyining boshida prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga bir hafta ichida va vaksinalar sotib olish O‘zbekiston aholisini emlash imkoniyatlarini o‘rganishni topshirgan edi.