26−27 sentyabrda mamlakat shimoliga Qozog‘iston orqali Shimoliy Ural ustida shakllangan sovuq antitsiklon tarmog‘i kira boshlaydi. Dam olish kunlari havo harorati kechasi 8−13 daraja, kunduzi 20−25 daraja, shimoliy tumanlarda kechasi 5−10 daraja, kunduzi 15−20 darajani tashkil qiladi. Bunday harorat shu kun me’yorlaridan 3−4 darajaga pastroq, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyati va cho‘l zonasida harorat 5−7 darajaga pasayishi kutilmoqda, shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi mumkin.

Keyingi haftaning birinchi yarmida butun respublika hududi ushbu sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘ladi. Bu kunlarda O‘zbekiston bo‘yicha bulutlilik ortadi, mamlakatning tekislik hududida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, faqat tog‘oldi va tog‘li hududlarda ayrim joylarga yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 29−30 sentyabrda baland tog‘li tumanlarda yomg‘irning qorga o‘tish ehtimoli ham bor.

Sovuq front o‘tishi natijasida 28 sentyabrda butun respublika hududida shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi mumkin. Harorat sekin pasayib, shu kunlarda kechasi 5−10 daraja, shimolda kechasi 2−7 daraja iliq, kunduzi 15−20 daraja iliq bo‘ladi. Uraldan sovuq havo kirib turishi natijasida respublika bo‘yicha harorat foni o‘rtacha iqlimiy me’yorlardan 5−7 darajaga past bo‘ladi.