Kompaniyalarning katta miqdordagi mablag‘larni chet elga olib chiqayotganliklari oqibatida hukumatlar har yili 500 mlrd dollar yo‘qotishmoqda. Har yili dunyoda 1,6 trln dollar «o‘zlashtiriladi», bu global YAIMning 2,7 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, yana trillionlab dollar mablag‘lar ofshor hisoblanadi, deya xabar berdi BMT Yangiliklar xizmati.

Ushbu ma’lumotlar noqonuniy olib chiqilgan aktivlarni qaytarish va ularni Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun sarflash masalalari bilan shug‘ullanuvchi Yuqori daraja guruhining hisobotida keltirildi. Guruh BMT Bosh Assambleyasi va BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi homiyligida 2020 yil yanvar oyida tashkil etilgan. Uning tarkibiga sobiq davlat rahbarlari, hukumat, markaziy banklar, ishbilarmon doiralar va fuqarolik jamiyati vakillari kiritilgan.

Mamlakatlar rasmiylari korrupsiya, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, chet elga noqonuniy yo‘l bilan pul olib chiqish va boshqa moliyaviy qonunbuzarliklarga qarshi kurashish uchun yanada qat’iyatli choralar ko‘rishlari shart, deydi mutaxassislar. Bunday choralar tufayli hukumatlar ulkan mablag‘larni jalb qilishlari va ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga sarflashlari mumkin bo‘ladi.

«Dunyoda korrupsiya va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari keng tarqalgan. Ko‘plab banklar o‘zaro kelishib olishgan, ko‘plab hukumatlar o‘tmishda qolib ketishgan. Hammamizni, avvalambor, dunyoning kambag‘al aholisini talashmoqda», — dedi Litvaning sobiq prezidenti va guruh vakili Dalya Gribauskayte.

Mutaxassislar AQSH Moliya vazirligining bank mijozlarining shubhali moliyaviy operatsiyalarini yig‘uvchi FinCen bo‘limi tomonidan yaqinda e’lon qilingan hisobot natijalari haqida eslab o‘tishdi. Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, eng yirik banklar jinoyatchilarga butun dunyo bo‘ylab «harom» pullarni bir joydan boshqa joyga ko‘chirishga ruxsat bergan. Tergov-qidiruv ishlari e’tiboriga olingan bitimlarning umumiy miqdori 2 trln dollarga teng.

Guruh hisobotida, shuningdek, ko‘plab qonunbuzarlar koronavirus pandemiyasi atrofidagi vaziyatlardan foydalanganliklari aytilgan. Ya’ni ko‘pchilik buzg‘unchilar hukumatlarning aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni osonlashtirish va iqtisodiyotni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish uchun moliyaviy nazoratni yumshatganligidan foydalanib qolishgan.

«COVID-19 pandemiyasi yana bir bor korrupsiya va moliyaviy jinoyatchilikka qarshi kurashish qobiliyatimiz yo‘qligini eslatdi. Kasallik tarqalishiga qarshi kurashish, odamlarning hayotini saqlab qolish va yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan resurslar korrupsiya va qonunbuzarliklar tufayli yo‘qqa chiqmoqda», — dedi Nigeriyaning sobiq bosh vaziri va guruh raislaridan biri Ibrohim Mayaki.