O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, «Hududgazta’minot» korxonasi tomonidan milliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra, o‘tgan yilning yozida Toshkent hokimligi ta’sischiligida tashkil etilgan «Texnopark» MCHJ bilan elektron tabiiy gaz hisobini yuritish uskunalarini yetkazib berish va o‘rnatish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi.

Qarorda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini «ishlab chiqarish — gaz taqsimlash stansiyasi — tuman (shahar) chegarasi — yirik uchastkalar kirish qismi — iste’molchi» prinsipi asosida butun tarmoq bo‘yicha joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Hisoblagichlar birinchi navbatda aholining tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga o‘rnatiladi. Shuningdek, aholi yashash punktlarida barcha iste’molchilarning (maishiy, sanoat va byudjet) hisoblagichlarini hamda yirik uchastkalar kirish qismidagi hisoblagichlarni bir vaqtning o‘zida o‘rnatish va tizimga ulash hamda tarmoqdagi yo‘qotishlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar tashkillashtiriladi.

2020 yil 1 oktyabrga qadar tizimni Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida «Hududgazta’minot» mablag‘lari evaziga o‘rnatish belgilandi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan kredit mablag‘lari evaziga esa 2021 yil 1 fevralga qadar O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland bo‘lgan hududlarda tizim o‘rnatiladi.

2021 yil 1 avgustga qadar respublikaning boshqa hududlarida iste’molchilarga zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatib, tizim to‘liq joriy etiladi.

Yirik iste’molchilar, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari, 2020 yil yakuniga qadar qolgan tadbirkorlik sub’ektlari ularning o‘z mablag‘lari hisobidan hamda 2021 yil 1 mayga qadar ijtimoiy soha ob’ektlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tizimga ulanadi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 1 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 4 yil muddatda qaytarish sharti bilan, 6 oylik LIBOR plyus 3 foiz yillik stavkada, imtiyozli davrda asosiy qarz bo‘yicha hisoblangan foizlar kapitalizatsiya qilinishi hisobga olinib, 150 million AQSH dollari miqdoridagi krediti jalb qilinadi.

Bundan tashqari, «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 27,5 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi krediti, elektron gaz hisoblagichlarini yig‘ish uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarini Italiyadan xarid qilishga yo‘naltiriladigan Italiyaning «SACE» davlat eksport-kredit agentligining sug‘urta qoplamasi ostida xorijiy tijorat banklari krediti hamda loyihaning mahalliy xarajatlarini qoplash uchun birinchi o‘rinda respublika jamg‘armalari va mahalliy tijorat banklarining mablag‘lari va zaruratga ko‘ra xorijiy moliyaviy tashkilotlar qarz mablag‘lari jalb qilinadi.

Qarorga ko‘ra, Hisob palatasi tuzilmasida Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarining joriy etilishini hamda hisob-kitoblar holatini monitoring qilish sho‘’basi tashkil etiladi.

Hisob palatasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilmoqda:

  • ta’minotchi korxonalarning taqsimlash tarmoqlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz yo‘qotishlarining o‘zgarishini tahlil qilish;
  • elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish holati, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, o‘zaro hisob-kitoblar va mavjud debitor-kreditor qarzdorliklarining tahlili va monitoringini olib borish, ushbu yo‘nalishlarda tegishli choralar ko‘rib borish;
  • maxsus hisob raqamlarga pul tushumlari, ularning maqsadli sarflanishi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari to‘liq va o‘z vaqtida qaytarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish.

2021 yil 1 iyunga qadar tizim bilan muvofiqlikda ishlovchi zamonaviy billing tizimi yaratiladi.

Har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni ta’mirlash va ularga servis xizmatini ko‘rsatish shoxobchalari tashkil qilinadi.

Hukumatga ikki hafta muddatda iste’molchilarning «Hududgazta’minot» AJ oldidagi iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorliklarini undirish grafigini ishlab chiqib, uni amalga oshirish choralarini ko‘rib borish topshirildi.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarni aloqa va Internet qamrovi bilan 2020 yil yakuniga qadar ta’minlash hamda aloqa sifatini texnik talablarga moslashtirish topshirildi.