24 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda «Texnopark» kompaniyasining aqlli gaz hisoblagichi portlagani haqida xabar tarqaldi.

«O‘rnatishdan 2,5 soat o‘tgach portladi. Yaxshiyam hech kim jabrlanmadi. Parchasi ko‘zga kirib ketsa nima bo‘lar edi? Yoki gaz sizib chiqishi sababli kattaroq portlash sodir bo‘lganda-chi?» — deb yozdi Facebook foydalanuvchisi.

«Hududgazta’minot» kompaniyasining «Hududgaz Andijon» gaz ta’minoti filiali ma’lumotlariga tayanib «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Andijonning Shimoliy kichik daha 77-uydagi xonadonda «gaz tarmoqlari va uskunalarining noto‘g‘ri ekspluatatsiyasi natijasida kelib chiqqan texnogen tusdagi favqulodda holat» sodir bo‘lgan.

«Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hisobga olish uskunasi ichida sodir bo‘lgan gaz-havo aralashmasi chaqnashi uning buzilishiga olib kelgan. Mazkur uchastkaga gaz hisoblash uskunasi o‘rnatilgunga qadar gaz quvuriga atmosfera havosining tushishi gaz uskunasi va gaz tarmog‘i ichida havo-gaz aralashmasi yuzaga kelishining ehtimoliy sababi hisoblanmoqda. Jumladan, qo‘shni xonadonlarda (uchta xonadonda aniqlangan) gaz tarmoqlari uchun mo‘ljallanmagan rezina shlanglarning ulanishi natijasida», — deyiladi xabarda.

Kompaniya tarmoqda bosim oshib ketgani sababli hisobga olish uskunasi buzilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni rad etdi.

«Hudugazta’minot» barcha tabiiy gaz iste’molchilarini gaz uskunalari va uy ichidagi gaz tarmoqlarini texnik ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tkazish, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzmaslik, nostandart gaz uskunalari va shlanglardan foydalanmaslikka chaqirdi.