BMT Bosh Assambleyasi 23 sentyabrni Xalqaro imo-ishoralar tili kuni deb e’lon qilgan. Ushbu kun imo-ishoralar tilining hayotimizdagi o‘rni borasidagi bilimlarimizni oshirish hamda kar va zaif eshituvchi insonlar huquqlarini to‘liq hayotga tatbiq qilish maqsadida 2018 yildan boshlab har yili nishonlab kelinmoqda. Butunjahon karlar federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qariyb 72 million kar odam bo‘lib, ularning 80 foizdan ortig‘i rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi.

2019 yil holatiga ko‘ra, 21212 nafar eshitish qobiliyati cheklangan shaxs O‘zbekiston karlar jamiyatida ro‘yxatga olingan. Davlat statistika qo‘mitasi eshitish qobiliyati cheklangan odamlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni alohida e’lon qilmaydi, natijada karlar jamiyati ma’lumotlariga tayanishga to‘g‘ri keladi. Ehtimol, kar va zaif eshituvchi odamlarning ko‘pchiligi hali ham ro‘yxatga olinmagan yoki hatto nogironlik guruhiga ham kiritilmagandir.

O‘zbekiston va boshqa sobiq sovet ittifoqi davlatlari hududida rus imo-ishora tili (RIT) ishlatiladi. Dastlabki tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda qo‘llaniladigan imo-ishora tili Rossiya Federatsiyasida qo‘llaniladigan RITdan unchalik farq qilmaydi. Biroq mahalliy madaniy kontekstdan kelib chiqib, ba’zi farqlanishlar ham kuzatiladi.

Imo-ishora tillari odatdagi nutq tillari singari, doimiy ravishda rivojlanib boradi va kar/zaif eshituvchi insonlarning kundalik hayot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yangi so‘zlar, iboralar va so‘z birikmalarini lug‘atiga kiritadi. Shunday qilib, aytishimiz mumkinki, mustaqillikni qo‘lga kiritgan kundan boshlab O‘zbekistonda qo‘llaniladigan imo-ishora tili ham ba’zi o‘zgarishlarga uchradi va RIT shevasiga aylandi. Ushbu tilni o‘zbek imo-ishora tili (O‘IT) deb atash mumkinmi, degan savol ochiq qolmoqda.

So‘nggi yutuqlar

O‘tgan yilning 1 iyulidan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida Eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dispetcherlik xizmati ishga tushirildi. Ushbu xizmat 24/7 rejimida ishlaydi va kar/zaif eshituvchi insonlarning murojaatlarini video qo‘ng‘iroqlar, matnli xabarlar va maxsus dasturlar orqali qabul qiladi.

Dispetcherlik xizmati ishi tahsinga loyiq, ammo ba’zi kamchiliklari ham bor. Ko‘plab karlar qo‘ng‘iroq qilib, tushib bo‘lmasligidan shikoyat qilmoqdalar — video qo‘ng‘iroqlar uchun ishlatiladigan JustTalk dasturi nosozliklar bilan ishlayapti. Shu paytgacha kar va zaif eshituvchi insonlarning shoshilinch aloqa xizmati operatorlari bilan bog‘lanishlari mumkin bo‘lgan milliy muvofiqlashtirilgan dastur ishlab chiqilmagan.

Yana bir yutuq — Surdo-Online imo-ishora tarjimasi bo‘yicha ishonch telefonining joriy etilishidir. Surdo-Online bilan shartnoma imzolagan dorixonalar, banklar, temir yo‘l kassalari va boshqa davlat muassasalariga borganda, karlar o‘rnatilgan planshetlar yordamida onlayn ravishda surdotarjimonlar xizmatidan foydalanishlari mumkin. O‘zbekiston Milliy innovatsion sog‘liqni saqlash palatasi ham ukrainalik hamkorlar bilan shunga o‘xshash tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishni boshladi.

2019 yil 25 yanvardan boshlab, O‘zbekiston tarixida birinchi marta respublikaning markaziy masjidlarida juma namozlarining surdo tarjimasi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha O‘zbekiston musulmonlar idorasi, «Vaqf» xayriya jamoat fondi va Surdo-Online tomonidan amalga oshirilmoqda. Eshitish bo‘yicha nogironligi bor musulmonlar endi juma namozlarini maxsus o‘rnatilgan ekran orqali o‘zlariga ajratilgan joylarda tinglashlari mumkin.


Andijon shahridagi markaziy masjidlardan birida Surdo-Onlinedan foydalanib o‘qilgan juma namozi. Foto: «Vaqf» jamg‘armasi

Yana bir muammo — kar va zaif eshituvchi foydalanuvchilar uchun uyali aloqa xizmatlarining qimmatligida. Aloqa uchun karlar asosan mobil Internet trafigini «yutib yuboradigan» videoaloqadan foydalanadilar.

Masalan, Rossiyada kar va zaif eshituvchi mijozlar uchun mo‘ljallangan maxsus qulay Deafon tarifi mavjud. Deafonda karlar uchun maxsus xizmatlar, jumladan cheksiz Internet va avtomatik tarzda javob beruvchi xizmatlar mavjud. Qulaylik shundan iboratki, agar eshitish qobiliyati yaxshi bo‘lgan kishi kar abonentga qo‘ng‘iroq qilsa, unga avtomatik ravishda abonent kar ekanligi aytiladi va xabar qoldirishni so‘raydi. Balki uyali aloqa operatorlarimiz korporativ ijtimoiy mas’uliyat doirasida bu kabi tajribani e’tiborga olishar?

Imo-ishora tilining belgilanmagan maqomi

Dunyoda 300 dan ortiq turli xil imo-ishora tillari mavjud va ularning aksariyati to‘liq tabiiy tillar sifatida tan olingan. Shuningdek, xalqaro imo-ishora tili (International sign language, ISL) ham mavjud bo‘lib, u turli mamlakatlardagi kar va eshitish qobiliyati zaif odamlar tomonidan karlar o‘rtasidagi xalqaro tadbirlarda va muloqotda qo‘llaniladi.

Imo-ishora tillari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida huquqiy maqomga ega. Masalan, dunyoda birinchi marta 1995 yilda Uganda imo-ishora tili mamlakat konstitutsiyasida mustahkamlangan. Yangi Zelandiyada imo-ishora tili (YAZIT) ingliz va maori tilidan keyin uchinchi rasmiy tildir.

MDH davlatlari orasida, masalan, Rossiyada RIT «eshitish va (yoki) nutqida nuqsonlar mavjud bo‘lganda, shu jumladan davlat tilidan og‘zaki foydalanish sohalarida мuлоқот tili» deb tan olindi. 2012 yilda Rossiya Federatsiyasining «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonuniga tegishli o‘zgarishlar kiritilgan.

Amalda imo-ishora tilining huquqiy maqomi shuni anglatadiki, barcha muassasalar eshitish qobiliyatida nogironligi bor odamlar uchun surdo tarjima xizmatlarini ko‘rsatishi shart.

«O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 22-moddasida imo-ishora tilining cheklangan huquqiy maqomi «shaxslararo aloqa vositasi» sifatida tan olingan. Afsuski, mamlakatimizda imo-ishora tili ma’lumot olish va sifatli ta’lim olish uchun to‘laqonli til sifatida emas, balki faqatgina kar va zaif eshituvchi insonlarning o‘rtasidagi aloqa vositasi bo‘lib qolmoqda.

Imo-ishora tilining noaniq maqomi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan dasturlarning yo‘qligi va ularni ixtisoslashtirilgan maktablarda to‘laqonli o‘qitish tili sifatida ishlatilmasligining asosiy sababidir. Kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning ko‘pgina o‘qituvchilari imo-ishora tilini bilishmaydi. O‘quvchilar tomonidan imo-ishora tilidan foydalanish ko‘pincha cheklangan — asosiy e’tibor labdan o‘qish va og‘zaki nutqni (artikulyatsiya)ni rivojlantirishga qaratilgan.

COVID-19 pandemiyasi sababli maktablarning karantin uchun yopilishi davrida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan televideniyeda masofaviy o‘qitish tashkil etildi hamda video darslar o‘zbek va rus tillarida surdotarjima bilan o‘tkazildi. Xalq ta’limi vazirligi rahbariyatining ta’lim jarayonida inklyuziyani qo‘llashga bo‘lgan intilishini mamnuniyat bilan qabul qilar ekanmiz, hamma o‘qituvchilar ham darslarni imo-ishora tiliga yuqori sifatli tarjima qila olmaganiga e’tibor qaratmaslikning iloji yo‘q.

Surdo tarjima mualliflarining kuzatuvlariga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarning video darslaridagi surdotarjimasini kar bolalar tushunishi qiyin bo‘lgan. Ehtimol, hatto maktab-internatlarning ba’zi birinchi sinf o‘quvchilari imo-ishora tilini bilishmasa ham kerak. Bundan tashqari, maktab-internatlarning ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturi umumiy ta’lim maktabining o‘quv dasturidan sezilarli darajada farq qiladi — eshitish qobiliyati cheklangan o‘quvchilar uzaytirilgan dastur asosida ta’lim olishadi va maktabni boshqa bolalarga nisbatan bir yil kechikib yakunlashadi. Boshqacha qilib aytganda, umumiy ta’lim maktablarining video darslari, hattoki surdotarjimasi bilan ham eshitish qobiliyati cheklangan bolalarning hozirgi ta’lim darajasi uchun murakkab edi.

Tarjimonlarning taqchilligi

O‘zbekistonda sezilarli darajada malakali surdotarjimonlar yetishmaydi. Ular barmoq bilan sanagulik. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 5 mingga yaqin karlarga 10 nafar surdotarjimon to‘g‘ri keladi. Boshqacha qilib aytganda, har ming kar odamga atigi 2 ga yaqin surdotarjimon to‘g‘ri keladi.

Surdotarjimonlarning oylik maoshi kam, ish esa juda ko‘p. Ular nafaqat tarjima xizmatlarini ko‘rsatadilar, balki TMEK organlaridagi nogironlik holatini belgilash, sudlarda, militsiyada, soliq inspeksiyasida karlarning huquqlarini himoya qiladilar. Surdotarjimon kasbi jozibali kasb emas: bu kasbni faqatgina karlar bilan qarindoshlik aloqasi bo‘lgan kishilargina egallaydi, aksariyat hollarda ular kar ota-onalarning farzandlaridir.

Malakali (professional) surdotarjimonlarning yetishmasligi nafaqat bizning mamlakatimizda, balki boshqa ko‘plab MDH mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Masalan, Rossiyada har ming kar odamga atigi uchta surdotarjimon to‘g‘ri keladi, Finlyandiyada esa bu ko‘rsatkich 100 baravar yuqori — har ming kar kishiga 300 ta surdotarjimoni to‘g‘ri keladi.

Surdotarjimonlar yetishmovchiligi muammosini hal qilish maqsadida Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi barcha xohlovchilar uchun bepul imo-ishora kurslarini tashkil qila boshladi. 2017 yil dekabrida prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasiga viloyat va tuman markazlarida umumta’lim maktablari bazasida imo-ishora tilini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash topshirilgan edi. Biroq, noaniq sabablarga ko‘ra, bunday kurslar prezident farmonining mas’ul ijrochilari tomonidan shu ko‘yi tashkil qilinmadi.


O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-sonli Farmoni ilovasidan skrinshot

«2018 yilda bizni Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi mazkur masala bo‘yicha chaqirdi. Unga ushbu masala bilan shug‘ullanish topshirilgan ekan. Respublika Ta’lim markazining yana bir xodimi masala imo-ishora tili maqomi tufayli to‘xtab qolganini aytdi — imo-ishora tili maqomi rasmiy kurslarni ochishga imkon bermaydi. Shuningdek, oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lgan imo-ishora tili bo‘yicha o‘qituvchilar yo‘q», — deb tushuntiradi O‘zbekiston karlar jamiyatining Toshkent viloyati boshqaruvi raisi Lyubov Inogamova.

Surdotarjimaning cheklangan xizmatlari

Rossiyada eshitish qobiliyati cheklangan har bir fuqaro yiliga federal byudjet hisobidan 40 soatgacha surdotarjimadan foydalanish huquqiga ega, ko‘r-karlar esa 240 soatgacha tiflosurdotarjima (muloqotning daktil (barmoqli), barmoqlar bilan so‘zlashish, kaftga-kaft uslubi orqali imo-ishora) xizmatlarini olishlari mumkin. Qo‘shni Qozog‘istonda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yiliga 30 soatgacha imo-ishora tili bo‘yicha mutaxassis xizmati ko‘rsatiladi. Ammo, O‘zbekistonda imo-ishora xizmatlarining minimal soatlari qonuniy ravishda belgilanmagan va nogironlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritilmagan.

«Rossiyada federal davlat byudjeti hisobidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining ro‘yxati tasdiqlangan. Ro‘yxat eshitish moslamalari bilan ta’minlash bilan birga, surdotarjima xizmatlarini ham o‘z ichiga oladi. Bizda — O‘zbekistonda eshitish moslamalari ro‘yxatga kiritilgan, surdotarjima xizmatlari kiritilmagan. Bunga nima xalaqit beryapti? O‘zbekiston karlar jamiyatining markaziy boshqaruvi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan imo-ishora tarjimasi xizmatlarini kiritish uchun muammo va takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasiga, shuningdek Senatning fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasiga taqdim etdi. Ammo bu masala hal etilmayapti», — deya umidsizlanadi Lyubov Inogamova.

Tarjima xizmatlarining yetishmasligi milliy televideniyega surdotarjimonlarning jalb qilinishi bilan yanada kuchaymoqda. Natijada, shundoq ham cheklangan imo-ishora tarjimasi xizmatlaridan foydalanish eshitish qobiliyati cheklangan insonlar uchun yanada qiyinchilik tug‘dirmoqda. O‘zbekistonda jami 20 dan ortiq davlat va xususiy kanallar mavjud. Ulardan faqat O‘zbekiston24, MY5 va UzReport TV telekanallarida ba’zi surdotarjimali dasturlarni ko‘rish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, televizion kanallarning atigi 15 foizigina surdotarjima xizmatlarini taqdim etadi.

Afsuski, mualliflarning milliy telekanallarni o‘zbek nutqini avtomatik ravishda aniqlash texnologiyasidan foydalangan holda harakatlanuvchi yozuvlar va subtitrlar bilan ta’minlash zarurligi haqidagi maqolasi e’tiborsiz qoldirildi. Subtitrlar imo-ishora tarjimasi xizmatlari cheklangan sharoitda kar va zaif eshituvchi tomoshabinlar uchun ma’lumot olish imkoniyatini sezilarli darajada oshirishi va savodxonlik darajasini yaxshilashi mumkin edi.

Huquq va manfaatlarni himoya qilishdagi sustkashlik

2017 yilga kelib, O‘zbekiston karlar jamiyati blogining muallifi Ma’mur Ahliddinov O‘zKJ Markaziy boshqaruvi raisi Javoxir Rixsiyevga YouTube va ijtimoiy tarmoqlarda imo-ishora tilida va subtitrlar bilan axborot kanalini yaratish loyihasini taqdim etgan edi. Loyihaning maqsadi muntazam ravishda sifatli ma’lumotlarni taqdim etish va eshitish qobiliyati cheklangan yoshlarning savodxonlik darajasini oshirish edi. Ammo eshita oladigan rais mazkur loyiha O‘zbekiston qonunlariga zid degan bahonaga tayanib, uni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Ammo ushbu loyiha aynan qaysi qonunlarni buzayotganiga aniqlik kiritmadi.

O‘zbekiston karlar jamiyati butun mamlakat bo‘ylab kar va zaif eshituvchi fuqarolarni birlashtirishga qaratilgan asosiy jamoat tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot mamlakatda imo-ishora tilini ishlab chiqishi va tartibga solishi, imo-ishora lug‘atini ishlab chiqishi va imo-ishora tilini to‘laqonli davlat tili sifatida rasmiy tan olinishiga ko‘maklashishi kerak.

Masalan, Butunrossiya karlar jamiyati RITni rivojlantirish va asosiy surdotarjima xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Afsuski, O‘zKJ O‘zbekistonda imo-ishora tilini rivojlantirmayapti, surdotarjimon xizmatlari esa hatto poytaxtda ham juda chegaralangan, chekka tumanlarni gapirmasak ham bo‘ladi. Jamiyat rahbarlari imo-ishora tilini rivojlantirish va karlarni yetarli miqdordagi malakali surdotarjimonlar bilan ta’minlash uchun moliyaviy mablag‘larning yetishmasligini bahona qilishmoqda.

2017 yildan boshlab O‘zbekiston karlar jamiyati butun dunyo bo‘ylab karlarning 135ga yaqin milliy assotsiatsiyalarini birlashtirgan Butunjahon karlar federatsiyasiga a’zoligini to‘xtatdi. Sababi ma’lum — O‘zbekiston karlar jamiyatining achinarli moliyaviy ahvoli, Butunjahon karlar jamiyatining oldida qarzdorligi va a’zolik badallarini to‘lay olmasligidir.

E’tirof etish, qabul qilish va rag‘batlantirish

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi imo-ishora tili va sifatli imo-ishora ta’limiga erta kirish karlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun hayotiy muhim omil ekanligini tasdiqladi. Imo-ishora tarjimasi xizmatlari muloqot to‘siqlarini bartaraf etish va ularni jamiyatga to‘laqonli qo‘shish uchun juda zarurdir.

BMT imo-ishora tillarini karlar tilining o‘ziga xosligi va madaniyati elementi sifatida tan oladi. Imo-ishora tillari tizimli ravishda og‘zaki tillardan farq qilishi mumkin, ammo hech bir jihatdan ulardan qolishmaydi va to‘laqonli tabiiy tillardir. Karlar hamjamiyatlari bilan ishlashda «bizga daxldor barcha masalalarni hal qilish — faqat bizning ishtirokimiz bilan» tamoyili doimo e’tiborga olinishi va qo‘llanilishi kerak.

O‘zbekiston 2009 yil 27 fevralda imzolagan va hozirgacha ratifikatsiya qilmagan BMT nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi davlatlarni imo-ishora tillarini tan olish, qabul qilish va foydalanishni rag‘batlantirishga chaqiradi. O‘zbek imo-ishora tili maqomini ko‘tarish va kar/zaif eshituvchi fuqarolarning axborot va kommunikatsiyalardan to‘liq foydalanish huquqlarini amalga oshirish uchun maqola mualliflari quyidagi choralarni qo‘llashni taklif qilmoqdalar:

  • o‘zbek imo-ishora tilining nafaqat «shaxslar o‘rtasidagi muloqot vositasi» sifatida, balki qonuniy ravishda davlat tili maqomini belgilash;
  • surdotarjimonlarining kasbiy tayyorgarligini tashkil etish, ularning mehnat sharoitlarini va ushbu kasbning jozibadorligini yaxshilash. Ularning ishini rag‘batlantirish va ijtimoiy mavqeini ko‘tarish uchun biz O‘zbekistonda Imo-ishora tarjimonlari kunini belgilashni taklif qilamiz;
  • eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda imo-ishora tilini rivojlantirishga ko‘maklashish va kar/zaif eshituvchi bolalar va kattalar o‘quv jarayonida ulardan foydalanishni cheklamaslik;
  • malakali imo-ishora o‘qituvchilarini tayyorlash va eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘qituvchilari uchun imo-ishora tilini majburiy qilish;
  • davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan reabilitatsiya xizmatlari ro‘yxatidagi surdotarjima xizmatlarining minimal soatlarini qonuniy ravishda belgilab, surdotarjima xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • kar va zaif eshituvchi abonentlar uchun arzon mobil aloqa xizmatlari va chegirmali tariflar yaratish, shuningdek, surdotarjimasi xizmatlarini ko‘rsatishda davlat va xususiy hamkorligini o‘rnatish;
  • keyinchalik milliy telekanallarda subtitrlar va harakatlanuvchi yozuvlarni kiritish uchun og‘zaki o‘zbek nutqini avtomatik ravishda aniqlash uchun mahalliy texnologiyalarni ishlab chiqish.

Ma’mur Ahliddinov — karlar huquqlari faoli va O‘zbekiston karlar jamiyati blogi muallifi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari institutining doktoranti.

Mualliflarning fikrlari tahririyat nuqta nazari bilan mos kelmasligi mumkin.