19 sentabr kuni O‘zbekiston fuqarolarini maxsus poyezdga chiqarish chog‘ida yo‘lovchilardan biri — 1987 yil 13 sentabrda tug‘ilgan R. J. «Lixaya» stansiyasi old tomonidagi maydonda o‘zini yomon his qila boshlagan va tez tibbiy yordam yetib kelgunicha u vafot etgan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati TIV Konsullik-huquqiy departamentiga tayanib ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu vatandoshimiz palatkali lagerda yashamagan. Sankt-Peterburg shahridan yetib kelgach, R.J. sog‘ligi yomonlashgani sababli 14 sentabr kuni Shaxti shahri Markaziy shahar shifoxonasiga yotqizilgan va u yerdan «Lixaya» stansiyasiga olib borilgan.

Fuqaroning koronavirus bilan kasallangani tasdiqlanmagan. Marhumning jasadi charter reys orqali O‘zbekistonga jo‘natilgan.

161.ru nashri avvalroq Rossiyaning Rostov viloyati Kamensk-Shaxtinsk shahrida barpo etilgan migrantlar uchun chodirli lagerda O‘zbekiston fuqarosining vafot etgani haqida xabar bergan edi.

Mahalliy ma’muriyat rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Sribnoyning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaga otasi bilan ishlashga kelgan. Shahar markaziy shifoxonasida uning bir tomonlama pnevmaniya va qon-tomir kasalligiga chalingani aniqlangan. Shuningdek, nashr uning koronavirusga chalinganini ma’lum qilgan.