O‘zbekistonda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali ishbilarmonlik muhiti yaxshilanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqdagi tegishli farmonini imzoladi.

Farmon bilan prezidentning 500 ga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlari bekor qilindi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Oliy Majlis palatalari, prezident, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining individual va tashkiliy tusdagi hujjatlarini normativ-huquqiy hujjatlardan farqlash mezonlarini belgilash;
  • yangi tahrirdagi qonun hujjatini qabul qilish o‘rniga yangi qonun hujjatini qabul qilish amaliyotini joriy etish;
  • Prezident va Hukumatning rasmiy sanalarni nishonlashda ishlanmaydigan kunni belgilash, dam olish kunini ko‘chirish hamda tadbirlarni o‘tkazish haqidagi hujjatlarini yil yakuni bo‘yicha o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish amaliyotini joriy qilish;
  • qonunchilik bazasini xatlovdan o‘tkazish va uni tizimlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.

Shuningdek, Farmonga ko‘ra:

  • qonun hujjatlari loyihalarini tartibga solishning ta’sirini baholash loyihani ishlab chiqqan tashkilotlar tomonidan regulation.gov.uz portali orqali;
  • amaldagi qonun hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash huquqiy monitoring bo‘yicha elektron maydonchadan foydalangan holda;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining tartibga solish ta’sirini baholash «E-Qaror» yagona elektron tizimdan foydalangan holda amalga oshiriladi.

️Quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha tahliliy materiallar qonun hujjatlari loyihalariga ilova qilinishi shart:

  • muammo tahlili va hal etish yo‘llari;
  • raqobatga ta’sirning bahosi;
  • yangi tartibga solish vositalari va ularni joriy etishning ehtimoliy oqibatlari prognozi va bahosi;
  • fuqarolar va tadbirkorlar uchun foyda va xarajat tahlili.

Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida «ochiq platforma» joriy qilinadi.

Farmonga muvofiq, Adliya vazirligi:

qonun hujjatlari va ularning loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi;

har yili baholash tizimi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni OAVda e’lon qiladi hamda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Adliya vazirligida Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi tashkil etildi.

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida tartibga solish ta’sirini baholash uchun mas’ul xodim belgilanadi.

Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida «ochiq platforma» joriy etiladi va bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • jamoatchilik, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari;
  • davlat organlari bilan tematik onlayn uchrashuv va muhokamalar o‘tkazish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish;
  • qonun hujjatlarining huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sirini baholashda «kraudsorsing» imkoniyatlaridan foydalanish, onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish.

2021 yil 1 iyunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari hamda Oliy Majlis palatalarining qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga kiritiladi.

2021 yil 1 fevralga qadar ilmiy-tahliliy faoliyat natijasida ishlab chiqilgan takliflarni ommaviy onlayn axborot tizimida majburiy aks ettirish mexanizmi joriy etiladi.