Qozog‘istonda o‘lim jazosi bekor qilindi. Oldinroq mamlakatda ushbu jazoni qo‘llash to‘xtatib qo‘yilgan edi. Bu haqda Tengrinews.kz Qozog‘iston TIViga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha xalqaro protokolga qo‘shilgan. Tegishli hujjat Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakili Qayrat Umarov tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida imzolandi.

Mamlakat prezidenti Qosim Jomart Toqayev ushbu qaror haqida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishida ma’lum qilib, mamlakat insonning hayotga bo‘lgan huquqini ta’minlashni maqsad qilib qo‘yganini aytgan edi.

Qozog‘istonda o‘lim jazosini belgilash 2003 yilda mamlakat prezidenti qarori bilan to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008 yil 1 yanvardan boshlab prezident qarori bilan bekor qilingan.