IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilinganidan so‘ng mobil qurilmalarning rasmiy importi bir necha bor o‘sdi, deya xabar berdi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mobil qurilmalarni identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 yanvaridan joriy yilning 15 sentyabriga qadar respublikaga 58,8 ming dona mobil qurilmalar olib kirilgan va hozirgi kunga kelib import hajmi 7,7 baravarga o‘sgan.

Bugungi kunda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi orqali taxminan 47,14 mln IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb ta’kidladi Axborot texnologiyalari vazirligi. Jumladan:

  • 2019 yil 1 apreldan 1 noyabrgacha — avtomatik rejimda 42,61 mln IMEI-kodlari;
  • 2019 yil 1 noyabrdan 1 dekabriga qadar — operatorga murojaat qilish orqali 1,47 mln IMEI-kodlari bepul;
  • 2020 yil 1 yanvardan 15 sentyabrgacha — pullik asosda 3,06 mln IMEI-kodlari, shulardan importchilar — 691,1 ming (22,5%), mahalliy ishlab chiqaruvchilar — 51,5 ming (1,7%), jismoniy shaxs — 2,323 mln (75,8%) ta kod kiritilgan.


Agar jismoniy shaxslar 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini (44600 so‘m) to‘lashlari hisobga olinsa, 2,323 mln IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish 103,6 mlrd so‘mni tashkil etadi. Import qiluvchilarning 691,1 ming kodi (bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi) — 30,8 mlrd so‘m, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning 51,5 ming kodlari (BHMning 10 foizi yoki 22300 so‘m) — 1,1 mlrd so‘m. Shunda hammasi bo‘lib tizimga 135,5 mlrd so‘m tushdi, deya baholash mumkin.

Hukumat tomonidan 2019 yil sentyabr oyida tasdiqlangan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga binoan, IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun amalga oshiriladigan to‘lov tizim operatori — UZIMEI kompaniyasining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi, keyinchalik ushbu mablag‘lar mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan chekka hudud va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsiya zonalaridagi loyihalarini moliyalashtirish uchun AKTni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Mablag‘larning bir qismi o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun operator ixtiyorida qoladi.

Kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etilgandan so‘ng, 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrgacha 47,3 mln dollar miqdorida 911882 ta mobil qurilmalar import qilindi. Bu yangi tizimning natijasi bo‘lib, «oq» importning ko‘payishiga olib keldi, deya ta’kidladi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mobil qurilmalar asosan Xitoy, Vetnam, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Qozog‘istondan keltirilgan. Importchilar soni 2,7 baravarga yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 ta sub’ektga o‘sgan.

Ro‘yxatdan o‘tish tartibiga ko‘ra, jismoniy shaxslar IMEI-kodlarini onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin (tizim veb-sayti, Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali orqali, SMS/USSD so‘rov orqali) yoki ro‘yxatdan o‘tish punktlariga murojaat qilishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish uchun jismoniy shaxslar pasport ma’lumotlarini, telefon raqamini va IMEI-kodini taqdim etishlari shart.

Tovarlarni bojsiz olib kirish qoidalariga rioya qilish uchun bojxona chegarasini kesib o‘tish to‘g‘risidagi ma’lumotlar pasport ma’lumotlari asosida tekshiriladi. Ushbu jarayon UZIMEI va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi o‘rtasida elektron ma’lumot almashish orqali amalga oshiriladi.

Kodni masofadan ro‘yxatdan o‘tkazishda shaxsiy aloqa yo‘qligi sababli, «pasport ma’lumotlarini fuqaroning o‘zi — pasport egasi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim etilganligini aniqlash mumkin emas. Shu munosabat bilan, hozirgi paytda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlari asosida ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari mavjud», — deyiladi Axborot texnologiyalari vazirligi xabarida.

Vazirlik noqonuniy deb ataydigan bunday qonunbuzarliklarga qarshi kurashish uchun shu haftadan boshlab tekshirish algoritmi joriy etildi. Endi ro‘yxatdan o‘tishda jismoniy shaxslar IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazishda foydalanadigan abonent raqami mahalliy uyali aloqa operatorida ariza beruvchining nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

So‘nggi bir necha oy ichida ko‘plab o‘zbekistonliklar va mamlakat mehmonlari IMEI-kodlarini noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish muammosiga duch kelishayotgan edi. Sentyabr oyida Davlat bojxona qo‘mitasi noqonuniy ro‘yxatga olish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olingani haqida e’lon qildi.