Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlarni tabaqalashtirish kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, o‘rta biznes toifasiga kirishi mumkin bo‘lgan korxonani aniqlab, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan maqsadli mablag‘lar ajratish, mahsulotini sertifikatlash, ilm va innovatsiya xarajatlarini qisman qoplab berish kabi choralar orqali ularga ko‘maklashish muhimligi aytildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 8 oyida 60 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub’ektlari faoliyat boshladi. Ularning har biri o‘rtacha 38 million so‘m soliq tushumini ta’minlab, kamida 2 tadan ish o‘rni yaratmoqda. Lekin 31 mingdan ziyod korxona faoliyati haligacha tiklanmagan. O‘z biznesini ochish harakatidagi insonlar ham juda ko‘p.

Savdo-sanoat palatasi rahbarlari va Biznes-ombudsman joylarga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga xalaqit berayotgan muammolarni hal etishi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishi kerakligi ta’kidlandi.

«Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish, banklar tomonidan mablag‘ berilgan, lekin xomashyo, energiya resursi yoki logistika kabi sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tijorat banklari tadbirkorlarning biznesdagi natijalariga qarab ularga «imtiyozli xizmatlar paketi»ni taklif qilishi muhimligi aytildi.

Ma’lumki, kichik biznes va mahalliy resurs soliqlari to‘liq hududlar ixtiyorida qoldirilmoqda. Ya’ni, hududlarning byudjet barqarorligi, rivojlanishi tadbirkorlik faoliyati bilan bevosita bog‘liq.

Masalan, Konimex tumanida mahalliy byudjetga soliq tushumlari joriy yilning 8 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 141 foizga oshgan. Pandemiya davrida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 20 ta korxonaga soliq ta’tili berilishi natijasida 100 ta ish o‘rni saqlab qolingan.

Davlat soliq qo‘mitasiga barcha viloyatlarda ishni shunday tashkil etib, mahalliy byudjetlarni mustahkamlash yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda bu yil kutilayotgan byudjet taqchilligini imkon qadar qisqartirish uchun qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Hududlarning soliq salohiyatini tahlil qilib, qo‘shimcha daromadlarni aniqlash, byudjet tashkilotlarining pullik xizmatlardan daromadlarini ko‘paytirish va bino-inshootlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Oxirgi 4 yilda biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida ko‘plab kichik korxonalar faoliyati kengaygan. Davlat rahbari bunday intilishlarni rag‘batlantirish, korxonalarni yiriklashishga undaydigan qulay muhit yaratish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq «qoniqarsiz» hamda «o‘rta» deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etilishi haqida xabar qilgan edik. Bunda ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qilishi mumkin. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi. «Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», — deya ta’kidladi prezident.