Qozog‘istonning to‘rtta hududida parranda grippi tarqalayotgani tasdiqlandi. Bu haqda «Xabar 24» teledasturida ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, o‘lim shimoldan janubga ko‘chib yuradigan yovvoyi qushlardan boshlangan. Infeksiya umumiy suv havzalari orqali tarqalgan. Fabrikalarda va shaxsiy tomorqalarda hammasi bo‘lib 54 ming parranda nobud bo‘lgan. Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi ularning egalariga tovon puli to‘lanishi, buning uchun taxminan 390 mln tenge ajratilishi haqida aytgan.

Mamlakatning beshta mintaqasidagi 47 ta aholi punkti qushlarning ommaviy qirilishi kuzatilgan. Parranda grippi Oqmola, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar va Qostanay viloyatlarida rasman tasdiqlangan. Qarag‘anda viloyatida ham ushbu holat kuzatilmoqda.

Eng katta zarar Shimoliy Qozog‘istondagi parrandachilik fermalariga to‘g‘ri keldi. U yerda 41 ming bosh parranda nobud bo‘ldi. Ushbu mintaqadagi 23 ta aholi punktida parranda grippi rasman tasdiqlangan. Hozirda u yerda infeksiya yuqtirgan parrandalar utilizatsiya qilinmoqda.

Shuningdek, Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligining xabar berishicha, 1,4 mln vaksina ajratgan va hozirda ular deyarli 5 mln qush uchun yuborilgan. Bundan tashqari, yana bir million vaksina 3,5 mln bosh parranda uchun jo‘natilgan. Hozirda Shimoliy Qozog‘istonning o‘zida 79 kishi bu holat bo‘yicha ishlamoqda.