21 sentyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov raisligida tashqi savdoni Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi ITSV matbuot xizmati.

Yig‘ilish davomida to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladigan texnologik uskunalar va butlovchi qismlarga solinadigan import bojxona to‘lovlari stavkalarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, alohida mahsulot pozitsiyalari uchun utilizatsiya yig‘imini nolga tenglashtirish istiqbollari o‘rganilib, bir qator mahsulot turlari (aynan qaysi turlar ekani aytilmagan) uchun import bojxona to‘lovlarining o‘zgarishiga oid xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning murojaatlari ko‘rib chiqildi.

«Gazeta.uz»ning kengashdagi axborot manbasining ma’lum qilishicha, gap yana yuk mashinalari, quyultirilgan sut, alkilbenzol va soya oqsili izolatlari import bojlarini o‘zgartirish (pasaytirish) haqida ketmoqda.

Yig‘ilishda, shuningdek, butlovchi buyumlar, shu jumladan yig‘uv ishlab chiqarishga mo‘ljallangan buyumlarga TIF TN kodlarini tasniflashni yanada takomillashtirish, mahsulot va ishlab chiqarish jarayonlarining texnik jihatdan tartibga solinishi va texnik reglamentlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar qabul qilishga e’tibor qaratiladi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Kengash kotibiyatiga vazifasi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida tezkor qarorlar qabul qilishning yanada moslashuvchan mexanizmlaridan foydalanishni nazarda tutuvchi tashqi savdoni tartibga solish bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bo‘lgan ishchi guruh tuzish topshirildi.