Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan mamlakatda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmi joriy etish boshlanadi. Bunda biometrik pasportlar bosqichma-bosqich elekron axborot tashuvchi (chip) bo‘lgan ID-kartalarga almashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu fuqarolarga davlat xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyatini beradi.

ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Mamlakatdan tashqarida sayohat qilish uchun chet elga chiqishda O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti (xorijga chiqish pasporti) talab qilinadi.

«Ushbu tizim joriy etilgandan so‘ng, ID-kartalar kiritilgandan so‘ng, fuqaroga nisbatan ma’lumotlarning o‘ziga xosligini ta’minlash mumkin bo‘ladi. ID-kartalar yordamida sog‘liqni saqlash sohasida, transport, pasport-viza hujjatlarini rasmiylashtirishda davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin. Bu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin», — deya ma’lum qildi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Personallashtirish davlat markazi direktori Najmiddin To‘raxo‘jayev.

Farmonda O‘zbekiston fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish:

  • birinchi bosqichda 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga to‘lganda hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra;
  • ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshirilishi belgilandi.

O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

ID -kartalarni berish shartlari:

  • bir yoshga to‘lmagan yangi tug‘ilgan bola uchun — 2 yil muddatga (ota-onalarning, vasiylarning qaroriga binoan);
  • 1 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar — 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylar, homiylarning qaroriga binoan);
  • 16 yoshdan — 10 yil muddatga (O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — 5 yil muddatga).

ID-kartani rasmiylashtirish va olish uchun fuqarolik pasportini, chet el fuqarolariga esa yashash uchun ruxsatnomani olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, shuningdek, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish kerak bo‘ladi. Identifikatsiya kartasini olish to‘g‘risidagi arizani shaxsan taqdim etish yoki uni interne orqali yuborish mumkin, deya qayd etdi «O‘zbekiston 24» telekanali.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Personallashtirish davlat markazi direktori Najmiddin To‘raxo‘jayevning qayd etishicha, hujjatni 1 kun ichida (hozirda pasportni 10 kunda) olish mumkin bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat va chip tegishli xavfsizlik sertifikatlari va elektron raqamli imzo bilan himoyalanadi.

Identifikatsiya kartasida egasining biografik ma’lumotlari, raqamli fotosuratlari, barmoq izlari (16 yoshga to‘lganida) va elektron raqamli imzo kalitining sertifikati (16 yoshga to‘lganda) saqlanadi. Shu bilan birga, egasining millati to‘g‘risidagi ma’lumotlar identifikatsiya kartasining chipiga ID-karta shaklida ko‘rsatilmasdan kiritiladi, deyiladi «O‘zbekiston 24» xabarida.

Milliy pasport o‘rnini egallaydigan ID-kartalarni olish uchun davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi miqdorida etib belgilanadi (2020 yil 22 sentyabr holatiga 198470 so‘m).

Tegishli vazirlik va idoralarga 2020 yil 31 dekabrga qadar:

  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat qilish, elektron navbatga turish va onlayn to‘lovni amalga oshirish imkoniyati joriy etilishini;
  • identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat etilganda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma «Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinishini ta’minlash;
  • «Elektron hukumat» tizimini modernizatsiya qilish;
  • identifikatsiya ID-kartalarini O‘zbekistonda joriy qilish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Konsepsiya va uni amalga oshirish «Yo‘l xaritasi» loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.