22 sentyabr kuni Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida ikkita avtomashin ishtirokida YTH yuz berishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan va yana uch kishi tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamentining matbuot xizmati xabar berdi.

Soat 17:00 atrofida Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi 21 yoshli N.D. boshqaruvni yo‘qotib qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ushbu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 24 yoshli J.J. ning boshqaruvida bo‘lgan Nexia rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Oqibatda Nexia rusumli avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchilar 26 yoshli S.M. va 57 yoshli R.D. lar hodisa joyida vafot etgan. Yana 3 nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.