O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilinadigan rasmiy statistika ma’lumotlari yolg‘on bo‘lishi mumkin. Vazirlik hududlar bo‘yicha batafsil statistika berishni to‘xtatdi, oldinroq esa vafot etgan COVID-19 bemorlarining jinsi, yoshi, ism-shariflarining bosh harflari va yashash (davolanish) joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlamay qo‘ygan edi.

Bir necha oydan buyon SSV statistik ma’lumotlarni kuniga uch marotaba — soat 10:00 da, 17:00 dan keyin va 23:30 lar atrofida e’lon qilib kelayotgan edi. Xususan, 21 sentyabr kuni ertalab vazirlik ikki nafar koronavirus bemorining — Toshkentlik 65 yoshli Z.Ch. va 46 yoshli X.I.ning vafoti haqida xabar berdi. Shu kuni kunduzi vafot etganlar to‘g‘risidagi statistikada poytaxtlik 62 yoshli X.Sh. va 31 yoshli S.B. qayd etilgan. Kechqurungi xabarda esa bir ayolning o‘limi haqida xabar berilgan, lekin uning ismining bosh harflari, yoshi yoki yashash joyi haqida ma’lumot berilmagan. Ushbu kun bo‘yicha SSV taqdim etgan batafsil ma’lumotlarda Toshkent viloyati bo‘yicha bitta yangi o‘lim holati qo‘shilganini ko‘rishimiz mumkin.

22 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki nafar bemor vafot etganligi to‘g‘risida ma’lumot berib, ularning faqat jinsini ko‘rsatdi, kunduzi faqatgina vafot etganlar soni e’lon qilindi, kechasi esa vafot etganlar to‘g‘risida ma’lumot berilmadi. Kun oxirida tasdiqlangan holatlar, sog‘ayganlar va vafot etganlar to‘g‘risida hududlar bo‘yicha statistik jadval ham e’lon qilinmadi.

Ushbu o‘zgarishlardan oldin Daryo.uz nashrining rasmiy statistikani tahlil qilgan va «Toshkent viloyatida koronavirus bemorlari 2−3 kunda tuzalib ketayotganligini aniqlagan» maqolasi e’lon qilingan edi.


SSV jadvaliga muvofiq, 21 sentyabr kuni 23:30 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida 9761 nafar kishi koronavirus bilan zararlangan, 9210 kishi tuzalgan va 67 kishi vafot etgan. Davolanayotgan bemorlar soni — 484 kishi.

18 sentyabr kuni viloyatda 123 ta yangi koronavirus holatlari qayd etilgan, 19 sentbyar kuni 122 ta, 20 sentyabr kuni 121 ta, 21 sentyabr kuni 131 ta, jami to‘rt kun ichida 497 ta. Ushbu davr mobaynida 8 nafar bemorning vafot etganligi to‘g‘risda rasman xabar berilgan.

«Agar kasallik aniqlanganlar sonidan (497) vafot etganlar sonini (8) ayirsak, 489 raqami chiqadi. Davolanishni davom ettirayotganlar soni 484 nafarni tashkil etayotgani inobatga olib, xomaki hisob-kitob qilinsa, go‘yo 18 sentyabrdan oldin COVID-19 qayd etilganlarning barchasi sog‘ayib bo‘lganu-u, oxirgi 4 kun ichida koronavirusga chalinganlardan kamida 5 nafari sog‘ayishga ulgurgan bo‘lib chiqadi. Eng birinchi kasallanganlar birinchi bo‘lib tuzalgan deb faraz qilsak, ushbu 5 bemorda 18 sentyabrda kasallik aniqlangan va ular oradan 3 kun o‘tib sog‘aygan», — deb yozadi Daryo.uz

14 sentyabrdan 18 sentyabrgacha, 11 sentyabrdan 14 sentyabrgacha, 9 sentyabrdan 12 sentyabrgacha o‘tkazilgan davr bo‘yicha ham xuddi shunday tahlil o‘tkazilganda, bemorlar 3 kun ichida yoki undan ertaroq sog‘ayganligi ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari, 100 nafar bemorning 2 kun ichida tuzalgani misoli ham keltirilgan. Daryo.uz ma’lum qilishicha, bu tendensiya avgust oyidan beri kuzatilmoqda. «Gazeta.uz» izoh olish uchun SSV matbuot xizmati bilan bog‘lana olmadi.

Daryo.uz nashri bunday tez tuzalib ketish yoki mo‘jiza, yoki yolg‘on ekanligini aytmoqda.

Aprel oyida koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov COVID-19dan tuzalish uchun o‘rtacha 10−15 kun kerak bo‘lishi, og‘ir holatlarda davolanish bir oygacha cho‘zilishi mumkinligi haqida aytgan edi.

Sentyabr oyi boshida Chirchiq prokurori Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha izoh berib, avgust oyi boshida vafot etgan anesteziolog-reanimatolog Farrux Rustamovning kasallik tarixida u COVID-19dan butkul tuzalgani haqidagi yolg‘on xabarlar bo‘lganini aytgan edi.

Vafot etganlarni rasmiy statistikaga qo‘shish jarayoni ham ba’zi savollarni tug‘diradi. «Gazeta.uz» Toshkent shahrida yashagan, lekin davolanishni Germaniyada o‘tab, o‘sha yerda vafot etgan bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevning o‘lim holati poytaxtdagi COVID-19 o‘limlari statistikasiga qo‘shilgani haqida yozgan edi. Shu o‘rinda, koronavirus asoratlaridan vafot etgan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajargan Karim Kamalov u doimiy yashagan Buxoro viloyatida emas, balki Toshkent bo‘yicha o‘lim holatlari statistikasiga kiritilgan edi.

Oldinroq «Gazeta.uz» O‘zbekistonda 2020 yilning iyul oyida qayd etilgan o‘limlar soni ushbu oy bo‘yicha so‘nggi 4 yilgi (2016−2019) o‘rtacha ko‘rsatkichga qaraganda 26,4%ga, Toshkent shahrida 166%ga, Toshkent viloyatida 43,8%ga, Navoiy viloyatida 51,7%ga o‘sgani haqida xabar bergan edi. Tahririyat 9 sentyabrdan buyon o‘lim darajasining oshish sabablariga izoh olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga bir necha marotaba murojaat qildi, lekin javob olmadi.