JSST bir hafta davomida COVID-19 bilan kasallanganlar soni rekord darajaga yetgani — so‘nggi hafta ichida 2 mlndan ortiq kishining infeksiya yuqtirgani haqida xabar berdi.

Grafik: kasallanganlarning asosiy qismini Janubiy va Shimoliy Amerika (sariq), Janubi-Sharqiy Osiyoda (binafsharang) istiqomat qiluvchilar tashkil qiladi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy va Shimoliy Amerika mintaqalari eng havfli zona bo‘lib qolmoqda. Ushbu hududda 14−21 sentyabr kunlari davomida 770 mingga yaqin inson koronavirus bilan kasallangan. Shuningdek, ushbu ko‘rsatgich bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyo ham yuqori sonlar ko‘rsatgan — hafta davomida kasallanganlar soni deyarli 700 mingga ortgan. Yevropada hafta davomida 362 ming nafar inson kasallik yuqtirgan.

Bugungi kunda ikkala Amerika mintaqasida umumiy holatlar soni 15,5 mln dan oshgan. Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyoda kasallanganlar soni 6,1 mln, Yevropada 5,2 mln, Sharqiy O‘rta Yer dengizi mamlakatlarida 2,2 mln va Afrika mamlakatlarida 1,1 mln dan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘ylab koronavirus bemorlari soni 30 mln kishidan oshgani haqida xabar bergan edik.