1 sentyabr holatiga rasmiy rezerv aktivlari 34,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zahiralari miqdori bir oy oldingiga qaraganda 1 mln unsiyaga kamaygan, ya’ni avgust oyida 2 mlrd dollarga 1 mln unsiya oltin sotilgan. Shuning hisobiga oltin rezerv miqdori jami 18,8 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Oltin rezervlari miqdori yil boshidan beri birinchi marta 10 mln unsiyadan kamaydi va 1 sentyabr holatiga ko‘ra 9,6 mln unsiyani tashkil qilmoqda.

Buning evaziga valyutadagi rezervlar miqdori 1,8 mlrd dollarga ko‘payib, 15,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston iyul oyida oltin sotish bo‘yicha yetakchiga aylangani va avgust oyida esa rekord darajada oltin sotgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, avgust oyiga qadar O‘zbekistonning yalpi oltin-valyuta zaxiralari hajmi yil boshidan beri 5,6 mlrd dollarga ko‘payib, 34,7 mlrd dollarga yetgan edi.