UzAuto Motors aksiyalarini ommaga taklif etish — IPO o‘tkazishga tayyorgarlikni boshladi. Buni kompaniyaning Yagona korporativ ma’lumot portali va davlat xaridlari portaliga joylashtirgan ma’lumotlaridan ko‘rish mumkin. Bunga «KorpInfo» Telegram-kanalida e’tibor qaratishdi.

Ma’lumot uchun, IPO (Initial Public Offering), bu — kompaniya aksiyalarining birlamchi bozorga chiqarilishidir. Ya’ni aksiyalar keng ommaga taklif etiladi.

Kompaniya 10 foizgacha miqdordagi qo‘shimcha aksiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi hozirda ushbu jarayon bilan shug‘ullanuvchi moliyaviy vositachini qidirmoqda.

Bugungi kunda kompaniyaning yagona egasi davlat hisoblanadi, UzAuto Motors 100 foiz «O‘zavtosanoat»ga tegishli bo‘lib, u o‘z navbatida, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli.

Spot nashriga ko‘ra, UzAuto Motors IPO o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida yanvar oyida ma’lum bo‘lgan edi.

Shuningdek, Spot ning ma’lumotlariga ko‘ra, «O‘zavtosanoat» ga to‘rtta kompaniyaning, xususan UzAuto Motors, Avtooyna, Avtokomponent va Uzavtosanoat Leasing aksiyalarini sotish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Avvalroq davlat kompaniyalari orasida birinchi bo‘lib «Kvars» kompaniyasi IPO o‘tkazgani xabar qilingan edi. Kompaniya dastlabki bosqichda jami 2,475 millionta aksiyani savdoga chiqardi.