Deutsche Bank mutaxassislari 2021 yil o‘rtalariga kelib global yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichining pandemiyagacha bo‘lgan davr darajasiga tiklanishini taxmin qilishmoqda. So‘nggi oylardagi sezilarli iqtisodiy tiklanishdan so‘ng bu sur’atning tezlashuvi kutilmoqda, deya xabar berdi The Bell, Reuters ga asoslanib.

Deutsche Bank yangi hisobotida yozilishicha, global YAIM darajasi, uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichlarning deyarli yarmiga teng. «Endi biz iqtisodiy tiklanishni kelgusi yilning o‘rtalarida, ya’ni avvalgi prognozimizga qaraganda ikki chorak oldin yakunlashini ko‘ryapmiz», — deya ta’kidlashdi mutaxassislar.

Deutsche Bank global YAIM bo‘yicha prognozini o‘zgartirib, bu yil hisobiga ko‘ra, kutilayotgan pasayish 3,9 foizni tashkil etishini ma’lum qildi. May oyida pasayish 5,9 foiz deb baholangan edi. Iqtisodchilar 2021 yil davomida o‘sish prognozini 5,3% dan 5,6% gacha ko‘tarishdi. Bankning prognozi optimistik. Vaholanki avvalroq Germaniya iqtisodiyot vaziri mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2022 yilgacha inqirozgacha bo‘lgan darajaga ko‘tarilishini kutmayotganini aytgan edi.

Ekspertlar tomonidan qayta tiklanishga halaqit beruvchi omillar ro‘yxatiga koronavirusning ikkinchi to‘lqini, AQSH prezidentligi saylovlari natijalari, Brexit va markaziy banklarning pul-kredit siyosati borasidagi noaniqliklar kiritilgan.

Iyun oyida Jahon banki 2020 yilda global iqtisodiy o‘sishning 5,2 foizga pasayishini prognoz qilgan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, inqiroz Ikkinchi Jahon urushidan keyingi eng chuqur inqirozga aylanadi.