Yanvar-avgust oylari oralig‘ida O‘zbekistonga xorijdan 1,7 mln AQSH dollari evaziga 73 ta elektromobil olib kelingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 53 taga ko‘p, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulov.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil Xitoydan — 50 ta, Koreya Respublikasidan — 12 ta hamda Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Gruziya kabi davlatlardan 11 ta elektromobil import qilingan.

Yilning dastlabki sakkiz oyi davomida O‘zbekistonga 111 mln dollarlik miqdorda avtomobillar import qilingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 59,3 foizga ko‘pdir.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan import qilingan elektromobillar import bojlaridan, iyul oyidan boshlab esa aksiz solig‘idan ozod qilindi. Yanvar oyidan boshlab hukumat elektromobillarga 10% boj joriy etishni rejalashtirgan edi, ammo oxir-oqibat bu g‘oyadan voz kechildi.