UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.

Sudda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidagi maxsus komissiyaning «UzAuto Motors» AJdan yengil avtomobillar narxining asossiz oshirilgan qismini tushirish va ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risidagi qarori ko‘rib chiqiladi.

Xabarda yozilishicha, sud 2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi binosida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida deputatlar tomonidan UzAuto Motors «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilayotganligini tekshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi. 19 avgust kuni esa Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3mln so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shuningdek, mart oyidan buyon, ya’ni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirig‘i berilgan edi.

UzAuto Motors esa bunga javoban «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargan edi.