Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Botirovich Tursunov o‘z lavozimidan ozod etildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz»ga huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba.

Uning o‘rniga fevral oyidan Qo‘qon shahar IIO FMB boshlig‘i Muhiddin O‘tkurovich Jo‘rayev tayinlandi. Jo‘rayev oldinroq ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan (2019 yil noyabr oyida lavozimidan ozod etilgan). 2016−2018 yillarda Jo‘rayev Sirdaryo viloyati IIB, 2014−2016 yillarda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIB larining rahbari bo‘lgan.


Muhiddin Jo‘rayev. Foto: IIV.

Muhiddin Jo‘rayev IIBB jamoasiga yakshanba kuni tanishtirildi, deya xabar berdi manba.

Ulug‘bek Tursunov (1967 yilda tug‘ilgan) IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida 2017 yil aprel oyidan beri faoliyat yuritib kelayotgan edi. U Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ichki ishlar organidagi faoliyatini 1989 yil Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limining kichik inspektori sifatida boshlagan.

Faoliyati davomida IIV jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i (1996−2005), Toshkent shahridagi Yashnabod tumani IIB boshlig‘i (2005−2010) va IIV Bosh inspeksiya guruhining bosh inspektori (2010−2017) sifatida faoliyat olib borgan.