O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesiga 5 ta, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga 9 ta saylov okrugida bo‘shab qolgan o‘rinlarga o‘tkazilgan deputatlar saylovi yakunlarini e’lon qildi.

Sentyabr oyi boshida bugungi kunda O‘zbekistonda turli sabablarga ko‘ra mahalliy kengashlarda 143 ta, shu jumladan 26 tasi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar, 117 tasi — tuman va shahar kengashlarida o‘rin bo‘shab qolgani haqida xabar qilingan edi.

26 avgust kuni Qoraqalpog‘iston MSK pandemiya vaqtida bo‘shagan o‘rinlarga deputatlar saylovini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.

Saylovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi beshta o‘ringa 25 nafar nomzod da’vogarlik qildi.

Qoraqalpog‘iston MSKning ma’lum qilishicha, saylovlarda jami 79 ming 167 nafar saylovchi rӱyxatga olingan. Shundan 59 ming 540 nafari ya’ni 75,1 foizi ovoz berishga ishtirok etgan.

Saylov natijalariga ko‘ra, Nukus shahri bo‘yicha 4-sonli «Yernazar Alako‘z» saylov okrugidan «Adolat» sotsial-dekmokratik partiyasidan Gulxatcha Ayimbetova, Ellikqal’a tumani bo‘yicha 20-sonli «Sarabiy» saylov okrugidan Tadbirkorlar va ishbilarmanlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Bayrambay Otemuratov, Beruniy tumani bo‘yicha 25-sonli «Navbahor» saylov okrugidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Adilbek Reimboyev, Qo‘ng‘irot tumani bo‘yicha 49-sonli «Qo‘ng‘irot» saylov okrugidan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Paxratdin Aytjanov va Qorao‘zak tumani bo‘yicha 63-sonli «Qorako‘l» saylov okrugida O‘zbekiston Ekologik partiyasi nomzodi Murat Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati etib ro‘yxatga olindi.

Shuningdek, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 9 ta saylov okrugida bo‘shab qolgan o‘rinlarga eng munosiblar deputat bo‘lib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, 31 iyul kuni Jo‘qorg‘i Kengesning sobiq raisi Musa Yerniyazov koronavirus asoratlaridan vafot etgan edi. Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasining 80-moddasiga binoan, Jo‘qorg‘i Kenges raisi Qoraqalpog‘istonning rahbari va eng yuqori amaldoridir. Rais Jo‘qorg‘i Kengestomonidan O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan holda Jo‘qorg‘i Kengesning vakolat muddati davomida maxfiy ovoz berish orqali Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari orasidan saylanadi.