20 sentyabr kuni soat 6:00 atrofida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Gorod Night Club tungi klubida bir guruh odamlar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan. Pichoq orqali yetkazilgan tan jarohatlari natijasida ikki kishi vafot etdi, yana ikki kishi kasalxonaga yotqizildi, deya xabar berdi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, hodisa «bir guruh yoshlar tungi klubdan chiqqanida, ko‘chada turgan bir guruh odamlarning qizlarga qaratib biror gap aytganida» sodir bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, mojaro paytida fuqaro S. X. pichoqni qo‘liga olib, to‘rt kishini pichoqlagan va voqea joyidan qochib ketgan.

Oqibatda, ikki kishi vafot etgan, qolgan ikki nafarining hayoti saqlab qolingan.

Ushbu holat yuzasidan shu kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan S.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a, l» bandlari (ikki yoki undan ortiq shaxsni, bezorilik oqibatida qasddan o‘ldirish), 25 (ikki yoki undan ortiq shaxsni bezorilik oqibatida qasddan o‘ldirishga urinish), 97-moddasi 2-qismi «a, l» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

S. X. protsessual tartibda hibsga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Iyun oyida «Gazeta.uz» Toshkentda Kichik xalqa avtomobil yo‘lida kelib chiqqan pichoqbozlik va buning oqibatida bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Mojaro biznes sheriklar o‘rtasida dorixona daromadi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan.