O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a’zosi O‘ktam Barnoyevning ta’ziyali xonadoniga tashrif buyurdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Qur’on tilovat qilindi.

Prezident marhumning onasi, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.

«O‘ktamjon olijanob, zabardast, fidoyi, vatanparvar, o‘rnak olishga arzigulik inson edi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bosh vazir paytlarimda ham birga ishladik. Gapirmasam ham meni tushunardi. Bir insonning tarbiyalanib, shunday kadr bo‘lib yetishishi oson emas. Ayniqsa, oxirgi paytlar og‘ir sohani berib, ko‘nglim tinchib, ko‘p ishlarni boshlagan edik. Bu ofat butun dunyoga keldi. Qo‘limizdan kelgan hamma narsani qildik. Lekin o‘lim haq. Allohning irodasi ekan. Bu hammamizga musibat. Joyi jannatda bo‘lsin!»

Prezident marhumning oilasi, farzandlari doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi. O‘ktam Barnoyevning oila a’zolari davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimizga osoyishtalik, sihat-salomatlik tilab duo qildilar.

O‘ktam Barnoyev 20 sentyabr kuni 56 yoshida vafot etdi. So‘nggi hafta larda u Germaniyada davolanayotgan edi. Avvlroq unga koronavirus tashxisi qo‘yilgan edi. U yil boshidan beri bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan. 2016−2020 yillarda u Buxoro viloyatini boshqargan.