16 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaror qabul qildi, deya xabar berdi Norma.uz.

Hujjatga muvofiq, IIV, TIV, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda DXX «Pasport-viza» avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasini modernizatsiya qilish orqali «E-Fuqaro» O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga oid idoralararo ma’lumotlar bazasini joriy etdi.

«E-Fuqaro» asosida fuqarolikni olish uchun arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartiblari avtomatlashtiriladi. Shuningdek, fuqarolikni rasmiylashtirish, fuqarolikni tiklash va uni yo‘qotish bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish, undan chiqish to‘g‘risida arizalar «E-Fuqaro» orqali real vaqt rejimida qabul qilinadi, deya aniqlaydi Norma.uz.

2021 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston hududida fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaatlarni YAIDXP orqali berish mexanizmi joriy etiladi. Xorijda doimiy istiqomat qilayotgan shaxslar esa TIV saytida joylashtirilgan interaktiv konsullik xizmati orqali keyinchalik shaxsan kelib murojaat qilish shartini inobatga olgan holda murojaat qilishlari mumkin.

Farmonga biriktirilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, fuqarolikka qabul qilish yoki undan chiqish uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddati to‘rt bosqichdan iborat bo‘lib, taxminan 45 kun davom etadi va «E-Fuqaro» bazasining o‘zi oktyabr oyida to‘liq ishga tushiriladi.

Idoralararo ma’lumotlar bazasini yaratish Prezident tomonidan mart oyida imzolangan fuqarolik to‘g‘risidagi qayta ko‘rib chiqilgan qonun bilan ta’minlangan. Hujjat, shuningdek, O‘zbekiston fuqaroligini olish tartibini soddalashtiradi.