14 sentyabr kuni davlat xaridlari saytida Parkent tumani hokimligi 2018 yilda ishlab chiqarilgan Captiva-2 avtomobilini (2018 yil 10 sentyabrdan boshlab ushbu model ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan) zaxira jamg‘armalari mablag‘laridan 260 mln so‘mga sotib olgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Hokim qarorida mashinani sotib olishda kompaniyalarning tijoriy takliflari, internetdagi narxlar va texnik jihatlar o‘rganilganligi aytiladi.

Oqibatda, mashina sotib olish uchun karerlar bilan shug‘ullanadigan MEGA KARER kompaniyasi tanlangan. MCHJ tasischilari orasida, Parkent tumani hokimi Muhamedov Nigmat Isroilovichning o‘g‘li Isroilov Sardora Nigmatovich (34%) mavjud.


Toshkent viloyati hokimligining matbuot kotibi Behzod Qobulov ushbu holatga izoh berdi. Qobulov vositachi korxona ta’sischilaridan biri tuman hokimining o‘g‘li ekanligini tasdiqladi.

«Parkent — tog‘ va tog‘oldi hududlardan tarkib topgan. Shundan kelib chiqib, 2019 yilda tuman hokimligi „Kaptiva“ mashinasini xarid qilishni rejalashtirgan. Biroq, o‘sha vaqtda tuman byudjetida yetarli mablag‘ bo‘lmagani tufayli, tuman hokimining farzandi, ya’ni „MEGA KARER“ MCHJ ta’sischilaridan biri otasi foydalanishi uchun mazkur mashinani berib turgan», — deyiladi xabarda.

Og‘zaki kelishuvga ko‘ra, tuman byudjetida yetarli mablag‘ bo‘lgan paytda pul o‘tkazib beriladigan bo‘lgan.

«Ya’ni, mashina tuman hokimligi ixtiyoriga berilgan paytda yangi bo‘lgan. Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, to‘lov qobiliyati shakllanganidan keyin bu mablag‘lar firmaga baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan narxga ko‘ra o‘tkazib berilgan. Yanayam aniqroq aytganda, tuman hokimining farzandi tuman hokimligiga yangiKaptivani keyinroq to‘lab berish shartiga rozi bo‘lgan holda topshirgan. Qarindosh-urug‘chilik rishtasidan, bu o‘rinda, manfaat ko‘zda tutilmagani, qaytaga avtomashinani real narxidan past bahoga xarid qilinganiga e’tibor qaratishingizni istardim», — deydi matbuot kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida Parkentda mahalliy byudjetdan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ koronavirusga qarshi kurashish maqsadiga yo‘naltirilgan — dori-darmon zaxirasi va kerakli jihozlar uchun. Shuningdek, tuman SEOMga zarur turdagi jihozlarni xarid qilishga 200 million so‘m mablag‘ ajratilgan. «Changi» MFYdagi qishloq oilaviy poliklinikasida koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni qabul qilishga ixtisoslashgan 40 o‘rinli zaxira joy tayyorlanib, kerakli jihozlar bilan ta’minlangan.

«Bugungi kunda u bemorlarni qabul qilishga shay. Ya’ni, tuman byudjeti aniq hisob-kitoblar, ma’lum rejalar asosida taqsimlanadi. Jaydari qilib aytganda, byudjetning puli ko‘chada qolmagan va bu borada o‘ta kuchli nazorat tizimi mavjud», — deya ta’kidladi matbuot kotibi.

Behzod Qobulov parkentlik tadbirkorlar «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobiga 300 million so‘m homiylik tariqasida pul o‘tkazganligini qayd etdi. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlar tomonidan ehtiyojmand oilalarga naqd pul, oziq-ovqat, boshqa ehtiyoj mollari ko‘rinishida 2 milliard 900 million so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatilgan. Xususan, o‘sha «MEGA KARER» MCHJ tomonidan aholiga 60 million so‘m qiymatidagi oziq-ovqat va boshqa ehtiyoj mollari aholiga tarqatilgan.

Bundan tashqari, Parkent tumani hokimi Nigmat Muhamedov o‘z oylik maoshidan jamg‘argan puliga 10 ta sun’iy nafas olish uskunasini tuman shifoxonasiga bergan, deya ta’kidlaydi matbuot kotibi.

«Bu vaziyatda byudjet mablag‘i talon-taroj bo‘lgani haqida pisandalar baquvvat asosga ega emas. Qolaversa, hozir davlat xaridlari qachon va qayerdan amalga oshirilgani internet tarmog‘ida e’lon qilinayapti… Bu vaziyatga huquqiy baho beradigan, qonun buzilishi aniqlanganda chora ko‘radigan tashkilotlar bor», — deydi Behzod Qobulov

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu harakatlarda davlat hokimiyati vakilining o‘z mansabidan foydalangan holda korrupsiyaga yo‘l qo‘yish alomatlari mavjudligini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga сўровнома yubordi.