20 sentyabr kuni O‘zbekistonda 648 ta koronavirus holati aniqlandi (bir kun oldin — 614 ta). Ro‘yxatga olingan jami holatlar soni 51640 taga yetdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Kun davomida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning 6 nafarining o‘limi qayd etildi (pandemiya boshlanganidan beri jami 433 nafar), shulardan 5 nafari poytaxtda va 1 nafari esa Toshkent viloyatida. Halok bo‘lganlar orasida 56 yoshli O‘. B. (bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev) ham bor, u Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda yashagan va poytaxtdagi COVID-19 o‘lim statistikasiga kiritilgan. «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, Barnoyev Germaniyada davolanayotgan edi va o‘sha yerdagi klinikada vafot etgan.

Shu bilan birga, Daryo.uz 22 avgust kuni koronavirus asoratlaridan vafot etgan Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov ham o‘zi yashagan Buxoro viloyati emas, balki u davolangan Toshkent bo‘yicha o‘lim statistikasiga kiritilganiga e’tibor qaratdi.

Kun davomida tuzalib ketganlar soni 661 nafarga oshdi va jami 47932 kishini (93%) tashkil etdi.

Hozir tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3275 bemorning 557 nafari og‘ir, 245 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.