17 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi, jumladan, besh oylik go‘dak vafot etdi. To‘rt kishi, shu jumladan, bolalar tan jarohati olishdi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi matbuot xizmati.

Kechki soat 20:30 larda Hyundai Porter yuk mashinasi haydovchisi 35 yoshli X.T. xuddi shu yo‘nalishda chapga qayrilish uchun (ruxsat etilgan joyda) to‘xtab turgan haydovchi 49 yoshli B.U.ning boshqaruvidagi «T-28» rusumli traktorning tirkamasiga kelib urilgan.

Hyundai Porter haydovchisining turmush o‘rtog‘i — 32 yoshli S.T. (ayol) tan jarohatlari olib xodisa joyida, voyaga yetmagan 5 oylik qizi B.B. esa Oxangaron tuman markaziy shifoxonasining qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda vafot etgan. Bundan tashqari, X.T. va uning o‘g‘illari — 12 yoshli B.B., 10 yoshli U.B. va 7 yoshli X.B. turli darajadagi tan jarohatlari bilan, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda jinoyat ishi viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.