Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida mahalliy ma’muriyat ehtiyojmand oilalarning «temir daftar» ro‘yxatida bo‘lmagan shaxslarga yer uchastkalarini ajratib berdi, deb yozdi Kun.uz. Biroq nashr «„Temir daftar“ bo‘yicha navbatdagi spektakl. Rollarda yana mahalla raisi va tuman mutasaddilari» deb nomlangan mazkur maqolani o‘chirib yubordi. Maqola 15 sentyabr kuni soat 21:20 da chiqarilgan (15 ming marta o‘qilgan) va Google-keshda saqlab qolingan

Qayd etilishicha, 7−8 sentyabr kunlari Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistlar uchun «temir daftar»ga kiritilgan va yordam ko‘rsatilgan oilalarning sharoitlari bilan tanishib chiqish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga press-tur tashkil qilgan.

Taklif qilingan jurnalistlar orasida o‘chirilgan maqola muallifi Ilyos Safarov ham bo‘lgan. Uning yozishicha, Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov Yakkatut mahallasidagi 81 nafar fuqaro oilaviy sharoiti og‘irligi va koronavirus pandemiyasi paytida daromadini yo‘qotishi sababli «temir daftar»ga kiritilganini aytgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, Alisher Zokirov ushbu fuqarolarning 6 nafariga mahalla hududidagi samarasiz deya hisoblangan 10 gektar bog‘ hududi sabzavotchilik fermer xo‘jaligi sifatida bo‘lib berilgani haqida aytgan. Mahalla raisi Bahodir Yangiboyev ham: «bu odamlar «temir daftar»da bo‘lgani uchun ularga yer berdik va yaqin orada kambag‘allik ro‘yxatidan ham chiqarmoqchimiz, chunki endi ular doimiy daromadli kishilar» — degan.

Ammo solishtirishda ma’lum bo‘ldiki, bizga ko‘rsatilgan 6 nafar fuqarodan faqatgina bir nafari mahallaning «temir daftar"iga kiritilgan ekan. Yana bir fuqaroning holati esa bahsli.

Ilyos Safarovning aytishicha, mahalla raisi Bahodir Yangiboyev «mujmal» javob bergan va bularning barchasiga yer olgan odamlarning o‘zi, ularning bilimsizligini sabab qilib ko‘rsatgan. «Shu yerda kartoshka ekkanlar biz ham «temir daftar»da bormiz, deb o‘ylashdi. Ular tushunmagan», — dedi mahalla raisi.

Shuningdek, tuman hokimi Alisher Zokirov haqiqatan ham yerni taqsimlash paytida faqat ikki kishi muhtojlar ro‘yxatida bo‘lganini tan oldi. «O‘sha paytda siz savol berganingizda mahalla raisi 6 kishi deb aytdi. Surishtirib ko‘rganimizda esa men adashdim, deyapti. Lekin o‘sha joyda siz ko‘rgan insonlarning barchasi kam taminlangan kishilar edi, ammo ularning hammasi ham «temir daftar»ga kirmagan», — uning so‘zlarini keltirdi Kun.uz.

Foto: kun.uz.

Jurnalistning ta’kidlashicha, mahalla raisi viloyat rasmiylaridan jurnalistlar kelayotgani sabab aholi bilan oldindan tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq olgan. Bundan tashqari, u bilan suhbatda, yer oluvchilardan biri «temir daftar»ga kiritilgan bo‘lsada, muhtojlar ro‘yxatida bor yoki yo‘qligini bilmasligini aytgan.

Shu bilan birga, maqolada ijobiy jihatlar ham ko‘rsatilgan. Mahallada yashovchi «temir daftar» ga kiritilgan 80 yoshli Norchuchuk Begaliyeva doimiy ravishda oziq-ovqat (un, moy, guruch, makaron, go‘sht) ta’minlanib turishini va yaqinda unga 1 mln so‘mlik yordam ko‘rsatilganini aytgan.

«Gazeta.uz» maqolaning olib tashlanish sababi haqida izoh olish uchun Kun.uz bilan bog‘landi, ammo javob olmadi.

Foto: Kun.uz.

Avvalroq, Kun.uz Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanidagi «Qo‘qoni» mahallasi raisi va prokuror ishtirokida bo‘lib o‘tgan «spektakl» haqida ham shu kabi maqola chiqargan edi.

Nashrning qayd etishicha, mahalla raisi Xusniddin Tursunov «temir daftar»ga o‘z uyida 1000 ta jo‘ja boqib, biznes bilan shug‘ullanishni boshlagan o‘g‘li Doston Tirkashevni kiritgan. Shuningdek, Tursunov prokuror Asror Valiyevning (sektor mudiri) uning o‘g‘liga tadbirkorlik sohasida yordam berayotganini ta’kidlagan.

Natijada mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ushbu holat yuzasidan Past Darg‘om tumanidagi mahalla faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi va mahalla raisi Xusniddin Tursunov iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi.

Bosh prokuratura tuman prokurori Asror Valiyevga hayfsan berilgani haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, «temir daftar»ga mahallalar orqali davlatdan moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan aholining zaif qatlamini tashkil qiluvchi oilalar kiritiladi. «Temir daftar» ro‘yxati mahallalar raislari va sektor vakillari tomonidan uyma-uy yurib, fuqarolarning moddiy ahvoli va turmush sharoitlarini o‘rganish orqali shakllantiriladi va ehtiyojmandlar ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.

Ro‘yxat quyidagi toifadagi oilalarni o‘z ichiga oladi: nogironligi va surunkali kasalliklari bo‘lgan ishga layoqatsiz fuqarolar; yakka-yolg‘iz keksalar; besh va undan ortiq bolali oilalar; karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar; zaif, kambag‘al va kam ta’minlangan oilalar.

Moddiy yordamdan tashqari, ro‘yxatdagi oilalarga ish va tadbirkorlik masalalarida yordam ko‘rsatilmoqda.