O‘zbekiston Madaniyat vazirligi to‘y o‘tkazishda san’atkorlar tomonidan karantin talablarining buzilishi holatlarini nazorat qilmasligini ma’lum qildi.

Bayonotda Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni ma’qullamasligini hamda karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qat’iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ma’lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san’atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud bo‘lib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora ko‘rishga mas’ul bo‘lgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq xonanda Vohidjon Isoqovning Tashkent City`da 50 kishidan ko‘p mehmon bilan to‘y o‘tkazgani haqida xabar qilingan edi. Xonanda ma’muriy javobgarlikka tortildi va BHMning 5 baravari (1 mln 115 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Keyinroq Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev to‘y o‘tkazishda karantin qoidalarini buzgan san’atkorlar faqatgina jarima to‘lash bilan qutulib qolmasligi kerakligini ta’kidladi. U Madaniyat vazirligiga tegishli senatorlik so‘rovi yuborilganini ma’lum qildi.