O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasiga (transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish) o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasining birinchi qismiga qo‘shimchalar kiritilib, ushbu modda qo‘yidagi tahrirda bayon etilmoqda:

«Tovush signalini sababsiz berish, aholi punkti yerlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish» so‘zlari bilan to‘ldirilmoqda.

Mazkur modda birinchi qismining sanksiyasidagi BHMning 1 baravari (223 ming so‘m) miqdoridagi jarima 3 baravari (669 ming so‘m) miqdoriga o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasini qabul qilish zaruratida aytilishicha, respublika hududida avtotransport vositalari sonining keskin ortishi bilan bir qatorda, ayrim haydovchilar tomonidan aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanishi hollari ham uchramoqda. Bunday harakatlar fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligi buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda 6 466 nafar, 2019 yilda 9 911 nafar hamda 2020 yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida 8 763 nafar (jami 25 140 nafar) transport vositalari haydovchilari belgilanmagan joylarda faqatgina tovush signalini sababsiz berishi va transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi qurilmalarni o‘rnatishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni sodir etgani uchun MJTKning 127-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilganlar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarida avtomobil salonida tovush balandligi 85 dB dan baland bo‘lmasligi hamda ko‘pi bilan 8 soat tinglash tavsiya etilgan. Shu bilan bir qatorda tovush balandligi 90 dB bo‘lganda 2,5 soat, 95 dBda 47 daqiqa, 100 dBda 15 daqiqa, 105 dBda 4 daqiqa, 115 dBda 28 soniya, 120 dBda 9 soniyadan ortiq tinglash inson salomatligiga salbiy ta’sir qilish va karlikka sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi.

IIV bu boradagi xorijiy tajribani keltirib o‘tdi. Singapurda belgilamagan joylarda tovush signallarini sababsiz berish 1,5 ming mahalliy dollarda (5,4 mln. so‘m) jarima jazosi qo‘llanilishi belgilangan. Rossiya Federatsiyasida joriy yil avgustda qonunchilikka mazkur sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni sezilarli darajada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar taklif etilib, unga muvofiq, aholi hamda belgilanmagan joylarda sababsiz tovush signallarini berish uchun ma’muriy jarima miqdori 10 baravarga oshirilib, 10 ming rublga (1 500 ming so‘m atrofida) belgilanishi ko‘zda tutilgan.