Vazirlar Mahkamasining 17 sentyabrdagi farmoyishi bilan bir qator tumanlar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlarini ta’minlagani uchun quyidagi tuman hokimlari hamda ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi:

  • Andijon viloyatining Izboskan va Qo‘rg‘ontepa tumanlari;
  • Buxoro viloyatining Romitan tumani;
  • Namangan viloyatining Norin tumani;
  • Surxondaryo viloyatinnng Muzrabot va Qumqo‘rg‘on tumanlari;
  • Xorazm viloyatining Yangibozor tumani.

Ushbu tumanlar hokimlari 10 mln so‘m miqdorida, ularning birinchi o‘rinbosarlari 8 mln so‘m miqdorida pul mukofoti oladigan bo‘ldi. Mazkur rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur farmoyish bilan 2020 yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’atlari ta’minlanmaganligi uchun quyidagi tumanlar hokimi ogohlantirildi, ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlariga esa hayfsan berildi:

  • Buxoro viloyatining Buxoro va Jondor tumanlari;
  • Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani;
  • Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani;
  • Samarqand viloyatining Bulung‘ur;
  • Samarqand va Jomboy tumanlari;
  • Toshkent viloyatining Chinoz va O‘rta Chirchiq tumanlari;
  • Farg‘ona viloyatining Dang‘ara, Rishton va Yozyovon tumanlari.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylari yakunlariga ko‘ra sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari asosida yuqoridagi ro‘yxatda qayd etilgan tuman hokimlari hamda ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari faoliyatiga baho berish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llanishi belgilandi.